O‘zbekistonda davlat san’at va madaniyat institutida milliy qo‘shiqchilik kafedrasi professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, «Do‘stlik» ordeni sohibi Ahmadjon Dadayevning «O‘zbekistonim yaxshidur» deb nomlangan ijodiy kechasi o‘tkazildi.
Tadbirda institut rahbariyati, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, ishchi xodimlar, mehmonlar, talabalar ishtirok etdi.
Bayramona konsert dasturi san’atkorning yaqinlari, shogird-u muxlislari, oliygohda tahsil olayotgan ijodkor yoshlarga katta quvonch bag‘ishladi.
Ijodiy kecha davomida qayd etilganidek, musiqa insonda yuksak didni shakllantirishga xizmat qiladi va unga ma’naviy ozuqa beradi. Kishi ruhiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatib, nafosat olamiga olib kiradi.
Ahmadjon Dadayev an’anaviy mumtoz musiqa merosi, maqom ijrochilik san’ati sirlarini qunt bilan o‘zlashtirgan ijodkordir. Ustoz tomonidan yaratilgan asarlar zamonaviy ijrochilik amaliyotida keng ommalashgan, deyish mumkin.
Uzoq yillardan buyon musiqa san’ati sohasida mehnat qilayotgan mamlakatimizning madaniyati hamda sanʼati taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, ko‘plab san’atkorlarning ustozi bo‘lgan Аhmadjon Dadayev o‘z kasbiga va talabalariga mehr qo‘ygan, yuksak madaniyatli, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan shaxs ekanligini e’tirof etish joizdir.
Tadbirda jonli tarzda ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.