Ijtimoiy tarmoqlarda “San’at va madaniyat instituti bitiruvchi talabalari yotoqxonadan haydalmoqda” deya e’lon qilingan xabar yuzasidan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti quyidagilarni ma’lum qiladi:
2024-yil 5-fevraldan 11-may sanasiga qadar institutning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladigan va jami 632 nafarni tashkil etadigan 4-bosqich talabalari bitiruvoldi amaliyot o‘tashlari uchun Toshkent shahri va viloyatlarga yuborilgan.
Institut talabalar turar joyida istiqomat qiladigan 4-bosqich talabalarining 97 nafaridan 42 tasi bitiruvoldi amaliyotini o‘zi doimiy yashash manziliga yaqin bo‘lgan viloyatlardagi madaniyat muassasalari, korxona va tashkilotlarga olganligi bois talabalar turar joyini tark etmoqda.
Talabalar turar joyida bo‘shagan o‘rinlarga esa ijarada yashayotgan va ijara to‘lovlarini amalga oshirishda muammolarga duch kelayotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni joylashtirish rejalashtirilgan.
Hozirda hech bir talaba majburan talabalar turar joyidan chiqarilmagan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz.