Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ota-onalar kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda barcha fakultetda tahsil oluvchi birinchi bosqich talabalarining ota-onalari ishtirok etdi. Uchrashuvda institut rektori v.b. Eldor Shermanov boshchiligida prorektorlar, fakultet dekanlari va ularning o‘rinbosarlari hamda tyutorlar qatnashdi.
Kongress doirasida o‘quv jarayonining borishi, talabalarning darslarda ishtiroki, odob-axloq kodeksi va institut ichki tartib-intizomi, talaba-yoshlarning turli tanlov va festivallarda ishtirokini ta’minlash, talabalar turar joyi va ijara xonadonlarida yashash tartibi yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, yoshlarning qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni rag‘batlantirish hamda kitobga oshno bo‘lishini ta’minlash, ularning xorijiy tillarni o‘rganishi uchun munosib sharoit yaratishda ota-onalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlab o‘tildi. O‘z navbatida, ota-onalar farzandlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, bundan mamnun bo‘lganliklarini e’tirof etishdi.
Tadbir davomida ota-onalar uchun «Qora quyosh» spektakli namoyish etildi. Shundan so‘ng mehmonlar uchun kofe-breyk tashkil etildi.
Shu bilan birga, ota-onalar o‘quv xonalari va dars jarayonlari bilan yaqindan tanishib, professor-o‘qituvchilar bilan muloqot qildi.