
Unda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultanova, institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, shuningdek, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Nodirbek Sayfullayev institutda “Milliy qadriyatlar” kuni doimiy ravishda keng o‘tkazilib kelinayotgani, yosh avlod ongida milliy o‘zlikni anglash, urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, ularni zamonaviy ta’lim jarayoniga uyg‘un ravishda singdirish institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Shahnoza Sultanova esa milliy qadriyatlarga hurmat, oila institutini mustahkamlash, yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitishi, ularni vatanparvarlik va e’tiqod ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Dasturda institutning iste’dodli talabalari va tajribali o‘qituvchilari tomonidan milliy musiqa san’ati, raqs, folklor, an’anaviy kuy va qo‘shiqlar, laparlardan iborat sahna chiqishlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Konsert dasturida:
• “Ko‘ngil taronasi” – Sozandalar ansambli
• “Ko‘hna cholg‘ular” – Talabalar ansambli
• “Doira zavqi” – musiqiy kompozitsiya
• “Tanovar”, “Buxorcha termalar”, “Andijoncha raqs”, “Xorazm navolari” kabi milliy sahna ko‘rinishlari
• Folklor qo‘shiqlari guldastasi, “Dutor navolari”, “Baxshilar davrasi”, “Surnay sadosi” kabi xalq ijodiyoti namunalari ijro etildi.

Aytish kerakki, ushbu konsert milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish, yoshlar ongida ma’naviy merosga hurmat tuyg‘usini kuchaytirish va an’anaviy san’atimizni keng ommaga yetkazish yo‘lida muhim madaniy-ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.
