O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati” kafedrasi tomonidan “Yangi davr estrada san’ati: ma’naviy, badiiy, ta’limiy kontekstda” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Yangi O‘zbekistonning madaniy taraqqiyotida estrada san’atining ma’naviy, badiiy va ta’limiy aspektlarini tadqiq va tahlil etish, estrada aktyorligi san’ati, ommaviy bayram va tomoshalar rejissurasi bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini tubdan isloh etishga qaratilgan nazariy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida ilmiy-ijodiy hamkorlikni mustahkamlash anjumanning asosiy maqsadi bo‘ldi.

Anjumanda soha mutaxassislari: poytaxt teatrlari direktorlari va bosh rejissyorlari, televideniye rejissyorlari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, magistr va iqtidorli talabalar bilan birgalikda Respublikadagi madaniyat va san’atga ixtisoslashgan ta’lim muassasasalari direktorlari, shuningdek, pedagoglari faol ishtirok etdi.

Dastlab, anjumanni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev kirish so‘zi bilan ochib, Yangi O‘zbekiston ma’naviy-madaniy qiyofasini shakllantirishda san’at, xususan estrada san’ati va ommaviy bayram, tomoshalarning tutgan o‘rni, sohadagi yutuqlar va mavjud kamchiliklar, mazkur kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ta’lim muassasalari hamda ijodiy ishlab chiqarish tashkilotlari bilan mustahkam integratsiyani yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratdi va anjuman ishiga omad tiladi.

Konferensiya yalpi majlisida san’atshunoslik fanlari doktori, professor Muhabbat Tulyaxodjayevaning “Zamonaviy estrada san’atining badiiy-estetik ahamiyati, televizion kliplardagi zamonaviy tendensiyalar, yutuq va kamchiliklar” mavzusidagi, professor Jahongir Mamatqosimovning zamonaviy ommaviy bayramlar rejissurasidagi innovatsion texnologiyalarning qo‘llanilishi, soha bo‘yicha kadrlar tayyorlash holati, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida mustahkam integratsiyani o‘rnatish, kadrlar tayyorlashdagi mavjud muammolar va yechimlar” mavzusidagi, “OXUS Culture” tashkiloti rahbari Husniddin Atoning “Ommaviy bayram va tomoshalar hamda xalqaro festivallarni tashkil etish yuzasidan xorijiy tajribalar” mavzusidagi, professor v.b. Ramz Qodirovning “Aktyorlik san’ati ixtisosliklarida sahna nutqini o‘qitish spetsifikasi, xususan estrada aktyorlarining sahnaviy nutqini rivojlantirishning spetsifik asoslari” mavzusidagi, “Rapid Company” rahbari, rejissyor, klipmeyker Rauf Nabiyevning “Zamonaviy media olamda sun’iy intellektdan foydalanishning ahamiyati va bu borada O‘zbekiston sharoitida olib borilayotgan ishlar” mavzusidagi, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, sanatshunoslik fanlari boyicha falsafa doktori (PhD) Charos Raximova «Milliy o‘zlikni anglashda estrada san‘atining ahamiyati» mavzusidagi, shuningdek, San‘atshunoslik fanlari nomzodi, professor Lola Gʻaniyevaning “Yangi davr estrada san‘atida ijrochilik masalalari” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

Har bir ma’ruza anjuman ishtirokchilari tomonidan qizg‘in qabul qilindi va bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.

Shundan so‘ng anjuman “Estrada san’ati dolzarb masalalari: an’anaviylik va zamonaviylik kontekstida” va “Estrada san’atida kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari” mavzularida ikki sho‘bada o‘z ishini davom ettirdi.

Unda sohaning rivojlanishiga qaratilgan 50 dan ortiq ma’ruza tinglandi. “Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati” kafedrasi tomonidan olib borilayotgan o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishtirildi.

Konferensiyaning ilmiy-amaliy jihatlarini e’tiborga olib konfrensiya ishtirokchilari uchun “Estrada aktyorligi san’ati” 3-kurs talabalari ishtirokida professor Temur Rashidov tomonidan sahnalashtirilgan “Kuz” spektakli namoyish etildi. Spektakl muhokamasida uning yuksak badiiy saviyada va aynan estrada teatri spetsifikasiga mos sahnalashtirilganligi ta’kidlandi.

Anjuman yakuniga ko‘ra: estrada san’atining ijtimoiy hayotimizdagi madaniy ahamiyati tahlil qilinib, istiqbolli rejalar ishlab chiqildi. Estrada aktyorlik san’ati va ommaviy bayram va tomoshalar rejissyorlarini tayyorlashning dolzarb masalalari tahlil qilindi. Ommaviy bayram va tomoshalarni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan jahon tajribasi tahlil qilindi, professor-o‘qituvchilarning rivojlangan davlatlarda malakasini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Tadbir so’ngida qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi.