
#jarayon
Seminar avvalida Nodirbek Sayfullayev har bir sohaning taraqqiy etishi uchun nazariy asos zarur ekanligini, shuning uchun ham ilmiy salohiyatni rivojlantirish, qilinayotgan ilmiy ishlarni amaliyotga tadbiq etish nihoyatda dolzarb vazifa hisoblanishini alohida qayd etib, “bugun jamiyatimizda “Uchinchi Renessans” poydevorini qurish bо‘yicha jadal ishlar amalga oshirilayotgan ekan, tabiiyki, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi ham bu yakdil maqsadga hamohang tarzda ijodiy ishlar bilan bir qatorda ilmiy faoliyatda ham katta yutuqlarga erishishi, uning zaminini qurishi va rivojlanish yо‘nalishlarini belgilab olishi zarur!” – dedi.
Shundan so‘ng San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Abduhalil Mavrulov “Madaniyat fenomenini o‘rganishning o‘ziga хosligi” mavzusida ilmiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, “Madaniyat insonning intellektual va ruhiy faoliyatini tartibga keltiruvchi, uni jamiyat ijtimoiy-madaniy hayotidagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi muhim hodisa hisoblanadi. G‘arbda madaniyatning ustuvor vazifasi sifatida ma’rifatlilik, bilimlilik, aql masalasi e’tirof etilsa, Sharqda ko‘proq tarbiya, ma’naviyatlilikka e’tibor berilgan”.
Shuningdek, Forobiy, Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Avloniy kabi bir qancha mutafakkirlarning madaniayt haqidagi fikrlaridan iqtiboslar keltirildi.
Madaniyatning ijtimoiy safarbarlik funksiyasi bugungi kunda ayrim yoshlarimizning virtual dunyoga kirib ketishi, uning natijasida, jamiyatda ijtimoiylashuv jarayonining buzilishi, fuqarolarda individualistik dunyoqarashning kuchayib borayotgan bir paytida o‘ta muhim o‘ringa ega ekanligi ham alohida qayd etildi.
Ma’ruzaga “Madaniyat insonning yaratuvchilik faoliyatini tartibga soladigan, shaxs ma’naviy-madaniy kamolotiga, ruhiy-aqliy hayotiga ma’no-mazmun beradigan, uning maqsad-muddaolarini jamiyat ijtimoiy mo‘ljali bilan uyg‘unlashtirishga yordam beradigan fenomen ijtimoiy hodisa hisoblanadi”. – deya xulosa qilindi.
Mazkur mavzu va ma’ruza yuzasidan qizg‘in savol-javob va muhokama bo‘lib o‘tdi
Seminar yakunida Nodirbek Sayfullayev bunday formatdagi seminarlar muntazam tashkil etilishini hamda kelgusida institutda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarning sifat darajasiga yanada qat’iy e’tibor qaratilishini ma’lum qildi.