
“Renessans” kino uyida Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Abdurahim Ismoilov bilan ijodiy uchrashuv hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan О‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan “Vatan timsollari” rukni ostida suratga olingan “Abdurahim Ismoilov: tasvirdagi taqdirlar” hujjatli filmi namoyishi bo‘lib o’tdi.
Kechada film qahramonining yaqinlari, kо‘p sonli kinoijodkorlar, talaba yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bir qatorda, Abdurahim Ismoilov uzoq yillardan yillardan buyon ustoz sifatida faoliyat yuritib kelayotgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti vakillari ham ishtirok etdi hamda ustozga samimiy tilaklarini bildirib o’tishdi.
Ma’lumot o’rnida, Ismoilov Abdurahim Isroilovich 1942-yilda Toshkenda tavvallud topgan. U dastlab Butunittifoq davlat kinematografiya institutining (VGIK) kinoopertorlik bo’limini, keyinchalik A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutining rejissyorlik bo’limini tamomlagan.
Ijodiy faoliyati davomida Oʻzbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasida, 1970-yildan “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida kinooperator sifatida mehnat qilgan.
Yuzdan ortiq badiiy va hujjatli filmlarni O’zbekiston va chet ellik ijodkorlar bilan hamkorlikda suratga olgan. Jumladan, ijdokor “Chegara shu yerda tugaydi” (3 qismli), “Oʻzganing baxti”, “Kelin kuzatish”, “Koʻzlarim yoʻlingda”, “Beshinchi raqamli lager” (5 qismli, Turkiya bilan hamkorlikda), “Ehtiros qurbonlari”, “Kichkina tabib”, “Vatan” “Osmondagi bolalar”, “Qo‘rg‘oshin” va boshqa ko’plab filmlarda operator sifatida faoliyat yuritgan.
Hujjatli filmda ham ijodkorning hayoti ijodi, kino san’atiga qo’shgan hissasi haqida hikoya qilinadi.