Ma’lumki, joriy yilning 24-27- sentabr kunlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O’zbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi o’rtasidagi kelishuvlarning amalga oshirilishini so’zsiz ta’minlash va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to’g’risida» 2023-yil 25-iyuldagi 311/22-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo’l xarita»si hamda «Italiya Respublikasi Prezidentining O’zbekistonga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida» 2023-yil 29-dekabrdagi 727/11-son qarori bilan tasdiqlangan «Yo’l xarita»sida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda ushbu tadbirda ishtirok etish uchun yurtimizga 20 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektor va prorektorlari tashrif buyurgan.
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga forum doirasida yurtimizda bo‘lib turgan Roma Tre universiteti prorektori Anna Liza Tota tashrif buyurdi.
Mehmonlarni qabul qilar ekan institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, avvalo, ularni yurtimizda ko‘rib turganidan mamnun ekanligini bildirib, bugun O’zbekistonning jahon davlatlari bilan ochiqlik va oshkorlik tamoyillari asosida o‘rnatilgan o‘zaro manfaatli hamkorligi barcha sohalarni qamrab olganini, jumladan, oxirgi 8 yil davomida dunyoning ko‘plab yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatilganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Italiyaning boy san’ati va madaniyatiga yurtimizda qiziqish yuqori ekanligini va bugun o‘rnatilajak hamkorlik dunyoning eng qadimgi taraqqiyot o‘choqlaridan bo‘lgan ikki davlatning madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishiga umid bildirdi.
O‘z o‘rnida, Roma Tre universiteti prorektori Anna Liza Tota ham O‘zbekistonning boy madaniyati va tarixi uni doimo qiziqtirganini, shu ma’noda, bugungi hamkorlikdan juda ulkan natijalar kutayotganini, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlarni Italiya va dunyo jamoatchiligi qatorida katta qiziqish bilan kuzatayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuvda kelgusida hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish, bakalavr va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar almashinuvini tashkil etish, birgalikda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish va boshqa bir qancha muhim masalalar muhokama qilindi hamda Forum doirasida hamkorlik memorandumi imzolashga kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, Roma Tre universiteti 1992-yilda tashkil etilgan bo’lib, tez suratlarda rivojlanmoqda. Ushbu ta’lim muassasi yuqori sifatli xalqaro tadqiqotlarni rag’batlantirish va tashkil etish, ilg’or ta’limni rivojlantirish va tarqatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, xalqaro birdamlik tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi.