Yangi o'quv yiliga tayyorgarlik hamda qabul jarayonlariga oid yig'ilish o'tkazildi

16-iyul kuni O’zDSMI rektori, professor Nodirbek Sayfullayev tomonidan barcha prorektorlar, fakultetlar dekanlari hamda boʻlim boshliqlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda asosiy eʼtibor yangi 2024/2025-oʻquv yiliga tayyorgarlik hamda qabul jarayonlari masalalariga qaratildi. Xususan, qabul jarayonlarini yuqori saviyada oʻtkazish, bu borada ochiqlik va shaffoflik ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, yangi o’quv yiliga puxta tayyorgarlik ko’rish bo’yicha barcha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berib o’tildi. Bundan tashqari, kafedralarning bugungi holati, 2024/2025 o‘quv yilida professor-o‘qituvchilarga o‘quv yuklamalarini adolatli taqsimlash hamda o‘quv rejalarini o‘z vaqtida tasdiqlatish masalasi muhokama etildi.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Yunus Rajabiy nomidagi O’zbek milliy musiqa san’ati institutining o’quv ishlari bo’yicha prorektori – rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori Eldor Shermanov hamda Toshkent shahridagi “S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filialining direktori lavozimiga tayinlangan ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati kafedrasi mudiri Iqbol Meliqo’ziyevlarning ham keyingi faoliyatiga muvafaqqiyat tilanib, ularga institutning esdalik sovg’alari topshirildi. Yigʻilish so’nggida kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan rahbar xodimlarning fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi.