Xalq ijodiyoti fakulteti 1-bosqich talabalari qasamyod qabul qilishdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida xalq ijodiyoti fakultetining 1-bosqich talabalari ishtirokida talabalik qasamyodi bo‘lib o‘tdi.

«Talabalik — oltin davrim» deb nomlangan tadbirda O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermonov so‘zga chiqib, joriy yil talabalar safiga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarni tabrikladi va ularga ta’lim olish davomida muvaffaqiyat tiladi.

O‘z o‘rnida talabalik maqomiga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi va qonunlarida berilgan fuqarolik huquq va burchlarini bajarish, institut ichki tartib-qoidalariga so‘zsiz amal qilishga, zimmasiga yuklangan vazifalarni sidqidildan bajarish, talabalik maqomiga munosib bo‘lishga qasamyod qilishdi.

Bayram tadbirida talabalar tomonidan tayyorlangan qo‘shiqlar, raqs harakatlari, folkor tomoshalari, karnay va surnay navolari ijro etildi.

Kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan o‘g‘il-qizlarga ramziy «Oltin kalit» hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.