Assalomu alaykum!

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti aktyorlik, rejissyorlik, kinoteleoperatorlik, san’atshunoslik, folklor ijrochiligi, milliy qо‘shiqchilik, xalq cholg‘ulari ijrochiligi, madaniyatshunoslik, kutubxonashunoslik hamda madaniyat va san’at menejmenti ta’lim yо‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi.

Turkiston san’at saroyida “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlangan “Ustozga ehtirom!” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi bu so’zlarning yana bir isboti bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Men, fursatdan foydalanib, ushbu dasturni tayyorlashda sahnada va sahna ortida ishtirok etgan barcha professor-o‘qituvchilar, jo‘rnavozlar, ishchi-xodimlar hamda talaba-yoshlarga o’z minnatdorchiligimni bildiraman.

Zeroki, konsertda barcha ishtirokchilar o’zlarining professional hamda yuksak ijro mahoratlarini namoyon etishdi. Shuning uchun ham bu tadbir tom ma’noda san’at va madaniyat bayramiga aylandi hamda tomoshabin-u mutaxassislarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Men ishonch bilan ayta olamanki, bugun ustozlari bilan bir qatorda ilk bor katta sahnaga qadam qo’ygan iste’dodli talabalarimiz, albatta, kelajakda el ardog‘idagi san’atkor bo‘lib yetishadi hamda eng muhimi Yangi  O‘zbekiston san’ati va madaniyatining yanada keng tanilishiga xizmat qiladi.

Yosh iste’dod egalarini kashf etishda institutimizning ham alohida о‘rni bor. “Ustozga ehtirom!” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi bu boradagi dastlabki qadam bo‘ldi.

Kelgusida bu kabi tadbirlarni yana ko‘proq o‘tkazishni hamda qamrovini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Xususan, zamon qahramoni, jadid bobolarimiz va tarixiy qahramonlar hayoti, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqimiz hayotiga ta’siri aks etgan spektakllar va teatrlashtirilgan tomoshalar sahnalashtirish, milliy va zamonaviy kuy-qo’shiqlardan iborat konsert dasturlarini tayyorlash, qisqa metrajli filmlar yaratish hamda ularni yurtimizning katta sahnalarida va chekka hududlarda namoyish etish rejalarimiz bor.

Albatta, bu kabi yuksak maqsadlarni Hurmatli Prezidentimiz tomonidan san’at va madaniyat xodimlariga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalangan holda hamda institutning fidoiy va ahil jamoasi bilan birgalikda amalga oshiramiz.

Yana bir bor teatrlashtirilgan konsert dasturining yuqori saviyada o‘tishida jonbozlik ko‘rsatgan har bir ishtirokchiga, shuningdek, bizni qo‘llab-quvvatlagan O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Milliy teleradiokompaniya hamda Turkiston san’at saroyi ma’muriyatiga minnatdorchilik bildiramiz.

Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston davlat san’at
va madaniyat instituti rektori, professor.