Ayni kunlarda Rossiya Federatsiyasining Verxnyaya Pishma shahrida Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti tashabbusi bilan _Teatr_Ural “Твое время” VIII xalqaro talabalar teatr laboratoriyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda yetakchi teatr institutlari – Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti, Rossiya davlat sahna san’ati instituti, Rossiya davlat teatr san’ati instituti, Boris Shukina nomidagi teatr instituti, Lugan davlat madaniyat va san’at akademiyasi, Yerevan davlat teatr va kino instituti va ilk marotaba O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ishtirok etmoqda.

Mazkur laboratoriyaning maqsadi “Aktyorlik san’ati”, “Rejissyorlik san’ati”, “Ssenografiya” ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalari uchun professional start-up platformasini yaratish hamda do‘stona, ijodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti nomidan “Teatr san’ati” fakulteti “Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati” kafedrasi professori Jahongir Mamatqosimov hamda mazkur fakultetning Estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabalari Shavkat Bazarbayev, Ruslan Rustamov ishtirok etmoqda.

Laboratoriya talabiga ko‘ra rejissyorlar, aktyorlar va ssenograflar o‘zaro hamkorlikda hakamlar hay’ati tomonidan berilgan pyesa asosida bir hafta muddatda spektakl eskizini tayyorlashi lozim. Joriy yilda teatr laboratoriyasi “Muzey makonida – teatr” mavzusida noan’anaviy sahnada, ya’ni Verxnyaya Pishma shahrida joylashgan harbiy muzey kompleksida bo‘lib o‘tmoqda. Muzey kompleksida o‘n besh mingdan ortiq harbiy texnikalar joylashgan bo‘lib, mazkur harbiy texnikalar makonida spektakl eskizlari tayyorlanishi lozim.

Institut jamoasi uchun Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti “Dramaturgiya” yo‘nalishi talabasi Shusharin Artyom tomonidan yozilgan “Do‘stona tashrif” dramasi asosida spektakl eskizi tayyorlash vazifasi belgilangan. Mazkur jarayonga ijodiy hamkor sifatida Rossiya davlat sahna san’ati instituti talabasi Arina Romanenko (ssenograf), Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti talabasi Krivoshyokov Dimitriy (rejissyor assistenti) va mazkur institutning “Drama aktyorligi san’ati” ta’lim yo‘nalishi talabalari aktyor sifatida biriktirilgan.

Teatr laboratoriyasi davomida institut jamoasi Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti bilan tanishib bormoqda. Professor-о‘qituvchilar mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Shuningdek, teatr laboratoriyasi dairasida teatrlarga tashrif va shahar bо‘ylab ekskursiyalar rejalashtirilgan.

Natijalar joriy yilning 14-sentabr kuni e’lon qilinadi.