“Metallurg” madaniyat saroyida OKMK rahbariyati tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning “Qora quyosh” nomli asari asosida O‘zbekiston madaniyat va san’at instituti ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan spektakl namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Zal ishchi-xodimlar, kombinat va shahrimiz yoshlari, talabalar bilan to‘ldi.
Tarixning achchiq haqiqatlari, millatparvar ziyolilarimiz, buyuklarimizning ayanchli qismati, dahshatli qatag‘on yillari zo‘r mahorat bilan tasvirlangan sahna sarini ko‘zda yosh bilan tomosha qildik. Barchamiz ta’sirlandik.
Bugungi yorug‘ va tinch kunlarimiz uchun shukr qildik. Qurbon bo‘lganlar, qurbon berganlar oldida, bolam deb bo‘zlagan onalar, otam qani deb izlagan bolalar, jigarini yo‘liga ko‘z tikkan opa-singillar, yorini qaytishiga umid qilib, dunyodan o‘tgan beva buvijonga aylanganlar oldida O‘zimizni qarzdor his qildik.
Tarixda mustabidchilik tuzumining qirg‘inbarot azoblarini, taraqqiyotdan bizni uzib, manqurtga aylantirmoqchi bo‘lganlar haqida har birimiz oilamizga, farzandlarimizga yetkazishimiz, asl tarixni o‘rgatib borishimiz,
Milliy g‘urur va erkni, Vatan tinchligi va ozodlikni himoya qilish, qadrlashga ruhan tayyor qilib tarbiyalashimiz shart.
So‘zda emas, amalda sadoqat va Vatanni sevish kerak.
Har qanday millatimizga qarshi fitna, propagandadan, Axborot xurujidan, ijtimoiy tarmoqdagi anonim terrordan o‘zingizni, farzandlaringizni himoya qiling.
Sahnadagi o‘q ovozidan zalda bolalar yig‘lashdi.
Hayotdagi o‘q ovozidan halok bo‘layotgan bolalar ko‘z o‘ngimga keldi.
7 yoshli farzandlarim sahnadagi ijodkorlar tomonidan namoyish etilgan Sibirda azob tortayotgan Usmon Nosir, qo‘lyozmasi olovga irg‘itilganda faryodi olamni tutgan Qodiriylarni ko‘rib ko‘zda yosh bilan ular hozir ham qiynalyaptimi, rostdan o‘lib qoldimi, deb so‘rashdi.
Ular o‘lmaydi, ular barhayot dedim…
Tarix unutilmaydi. Tarix — ulug‘ saboq.
Tarixdan saboq oling, endi hech qachon o‘zimizni, o‘z taraqqiyotimizni, o‘z yo‘limizni, o‘z g‘ururimizni hech qachon boy bermaymiz!
Buning uchun ma’naviy-ruhiy tarbiyani har narsadan ustun qo‘yaylik, zero moddiy zararni qoplash imkoni bordir, ma’naviy zarar o‘rnini qoplash judayam qimmatga tushadi.
Kamola Umaraliyeva