Xabaringiz bor, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi xizmat safari bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Bugun instituti rektori hamda fakultet dekanlaridan iborat delegatsiya Sungshin universitetiga tashrif buyurib, oliygoh prezidenti Son Kin Yi bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qildi.
Muloqot davomida Koreya oliy ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan islohotlarni mamlakatimizda tatbiq etish, oliygohlar o‘rtasida turli loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi. Shuningdek, istiqbolli vazifalar bo‘yicha kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, O‘zDSMIning yana ikki talabasi Koreyada bir semestr mobaynida bepul tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tashrif mobaynida delegatsiyamiz a’zolari mazkur oliygohda tahsil olayotgan O‘zDSMI talabasi bilan dars jarayonlari hamda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar borasida suhbatlashdi.