Ma’lumki, 2023-yildan boshlab mamlakatimizda “To‘rt qalb” deb nomlangan O‘zbekistonda rus drama teatrlarining uchrashuvi o’tkaziladi.
Mazkur xalqaro loyiha “Россотрудничество”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tashkiliy ko‘magida amalga oshirib kelinadi.

Ushbu madaniy loyiha doirasida rus drama teatrlarining rejissyorlari va rahbarlari uchun o‘quv kurslari, rejissyorlik laboratoriyalari hamda xayriya spektakllari namoyishlari tashkil etiladi.

Shu yilning 2–8-noyabr kunlari ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda uchinchi bor “To‘rt qalb” nomli xalqaro uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bugun poytaxtimizdagi “Holiday Inn” mehmonxonasida mazkur xalqaro loyihaning dastlabki uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Tadbirda Rossiya teatr san’ati instituti – GITIS rektori, professor Grigoriy Zaslavskiy, “Россотрудничество”agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari — Irina Staroselskaya, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining kotibiyat boshlig’i Ozodjon Yo’ldashev, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, O’zbekiston yoshlar teatri direktori, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti dotsenti Farhod Jo’rayev, shuningdek, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining birqator professor-o’qituvchilari, rus teatrlari rejissyor va aktyorlari, madaniyat va san’at sohasi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida professor Nodirbek Sayfullayev Grigoriy Zaslavskiyga tashrif uchun minnatdorlik bildirar ekan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy-ta’limiy aloqalarning tobora mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u GITIS va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘rtasidagi o‘zaro tajriba almashinuvi, professor-o‘qituvchilar va talabalarning ijodiy hamkorligini rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirning eng muhim lahzalaridan biri sifatida Rossiya teatr san’ati instituti – GITIS rektori, professor Grigoriy Zaslavskiyga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori faxriy unvoni hamda esdalik sovg’alari tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur faxriy unvon O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti kengashi qaroriga asosan san’at va madaniyat sohasida olib borilgan samarali ilmiy-ijodiy faoliyati, xalqaro miqyosdagi teatr san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi hamda ikki davlat o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun taqdim etildi.

 

Grigoriy Zaslavskiy o‘z minnatdorchiligini bildirib, bu e’tirofni O‘zbekiston bilan madaniy aloqalarni yanada kengaytirish yo‘lidagi mas’uliyatli ishonch deb baholadi. Shuningdek, u ikki institut o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida ko‘plab qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalar va ijodiy dasturlarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun:
Shu yilning 6-11-oktabr kunlari O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida GITIS (Rossiya davlat teatr san’ati instituti)ning professor-o‘qituvchilari: san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Aleksandr Barmak, Sahna plastika kafedrasi mudiri, professor, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Aydar Zakirov, Vokal san’ati kafedrasi dotsenti, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan artist Natalya Privalova hamda aktyorlik mahorati bo‘yicha katta o‘qituvchi Tatyana Morozovalar tashrif buyurib, mahorat darslarini olib borishgan edi.

Shundan so’ng teatr san’atini yanada rivojlantirish. muammo va echimlar hamda ijodiy hamkorliklar yuzasidan qizgin va samimiy suhbat olib borildi.