✅Ayni paytda Rossiya Federatsiya Moskva shahrida joylashgan Butunrossiya Davlat kinematografiya universitetida «Vosxojdeniye» xalqaro talabalar festivali bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu festivalda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlarining ko‘plab oliy ta’lim muassasalari qatorida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi ham Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov boshchiligida ishtirok etishmoqda.
❗️Festival davomida institut delegatsiyasi BDKU rektori V.S.Malishev bilan uchrashuv, Rossiya Federatsiyasi xalq artisti S.Bezrukovning mahorat darsida ishtirok etib rus kinosida bo‘layotgan bugungi jarayonlar, kino sohasida tahsil olayotgan talabalarga yaratilgan sharoitlar haqida ko‘pgina qiziqarli ma’lumotga ega bo ‘lishdi.
Shuningdek, festivalga tashrif buyurgan barcha ishtirokchilar qatori delegatsiya a’zolari ham BDKUning o‘quv-amaliy auditoriyalari, fakultetlari, mutaxassislik kafedralari, kutubxona, ilmiy-tadqiqot markazi, universitet tarixi aks etgan muzey bilan tanishishdi.
Ayni kunlarda festival doirasida ishtirokchi delegatsiyalarning mutaxassislari tomonidan tayyorlangan ma’ruzalar asosida “Кинообразование: совместные образовательные проекты государств-участников стран СНГ” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda talaba yoshlar ishtirokidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Eng asosiysi festivalning har bir ish kunida barcha qatnashchi mamlakatlar talabalari tomonidan suratga olingan filmlarning namoyishi tashkil etilib, yoshlar o‘z tengdoshlarining ijod namunalari, izlanishlari bilan yaqindan tanishmoqda.
O‘zaro ijodiy muloqotlar, bahs va munozaralarga boy o‘tayotgan festival kinonamoyishlar, mahorat darslari bilan davom etmoqda.