Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi.
Unda yurtboshimiz oliy ta’lim muassasalaridagi ilmiy izlanishlarning hayotiyligi va samaradorligiga e’tibor qaratib, ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor ilm-fan yutuqlarida o‘z ifodasini topishi kerakligini ta’kidlagandi.
Shu munosabat bilan О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodir Sayfullayev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimida mavjud yutuq va kamchiliklar qayd etilgani, shu bilan birga, kelgusida sohada amalga oshirish lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berilganini aytib o‘tildi.
Yig‘ilish davomida professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislarining tizimni rivojlantirish bo‘yicha taklif va mulohazalari tinglandi. Prezident va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan farmon va hujjatlar ijrosi yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis Umid Abraykulov axboroti eshitildi.
Shuningdek, reyting ko’rsatkichlarining bajarilish holati va tijoratlashtirish yo‘nalishida ishlab topilgan mablag‘lar sarhisobi qilinib, o‘quv-uslubiy, ilmiy ishlar, ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo‘nalishida belgilab olingan vazifalar ijrosi yuzasidan mas’ullar hisoboti tinglandi.
Muhokama so‘ngida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda barcha jipslashgan holda harakat qilishi ta’kidlab o‘tildi.