So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida madaniy aloqalar sezilarli darajada rivojlanib bormoqda. Ushbu hamkorlikning yorqin namunasi sifatida joriy yilning may oyida Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan II Turk dunyosi talabalar teatr festivalida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalarining ishtirok etganligini aytish mumkin. Festivalda o‘zbekistonlik talabalar munosib qatnashgan holda, hakamlar hay’ati va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Hamkorlik aloqalarining davomi o‘laroq, bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Ozarbayjon Madaniyat vazirligi hamda san’at namoyondalaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Ozarbayjon Madaniyat vaziri maslahatchisi Oleg Amirbekov, vazirlik bo‘limi boshlig‘i Minzarxanim Nuraliyeva, vazirlik sektori rahbari Aybeniz Aliyeva, Ozarbayjon Kino agentligi xodimi Aysel Muradova, kinorejissyor Ulviya Karimovadan iborat delegatsiya institut faoliyati va dars jarayonlarini bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ular oliygoh o‘quv teatri va anjumanlar zalini ko‘zdan kechirishdi hamda talabalarning amaliy mashg‘ulotlarida ishtirok etdilar.

Shuningdek, mehmonlar institut rahbariyati bilan uchrashib, madaniyat va san’at sohasidagi istiqbolli hamkorlik masalalari, jumladan, iyun oyida mamlakatimizda tashkil etiladigan Ozarbayjon madaniyat va san’at kunlarini o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar. Muloqot davomida ikki tomon o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish, san’at va madaniyat sohasida o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlari haqida fikr almashildi. Ozarbayjon Madaniyat vazirligi xodimlari O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining ta’lim jarayonlari va talabalarning ijodiy ishlariga yuqori baho berishdi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga va yangi qo‘shma loyihalar yaratishga katta turtki beradi. Hamkorlik san’at va madaniyat sohasidagi innovatsiyalarni rivojlantirish va ikki mamlakat yoshlariga yangi imkoniyatlar ochishda muhim ahamiyat kasb etadi.