Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar kelajagiga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va ijodiy salohiyatini rivojlantirish uchun keng ko‘lamli tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bu kabi tashabbuslar, ayniqsa, madaniyat va san’at sohasida o‘z ifodasini topmoqda.
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Talaba-yoshlar ijodiyoti» festivalining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash, o‘quv yili davomida samarali pedagogik faoliyatini olib borgan professor-о‘qituvchilar, о‘z vazifasiga ma’suliyat bilan yondashgan ishchi-xodimlarning mehnatlarini e’tirof etish hamda 2023/2024-o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut rahbariyati, Prezident Administratsiyasi hamda Madaniyat vazirligi mutasaddilari ishtirok etishdi. Bayram tadbirini Madaniyat vazirining birinchi o’rinbosari Avazxon Tadjixanov va institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev kirish so’zi bilan ochib berishdi.
Festival davomida o‘z iqtidori va salohiyatini har tomonlama namoyish eta olgan eng iqtidorli talabalar turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, o’quv yili davomida o’zining fidokorona mehnati bilan barchaga o’rnak bo’lgan professor-o’qituvchilar va ishchi-xodimlar ham alohida taqdirlandi. Ma’lumot o’rnida aytib o’tishimiz joiz taqdirlash marosimida 25 ta nominatsiya bo’yicha 48 nafar institut vakillariga esdalik sovg’alari taqdim qilindi.
Marosim bayramona konsert dasturi bilan davom etdi. Oliygohning ijodkor o’qituvchilari va talabalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va raqslar tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur festival yosh ijodkorlar uchun nafaqat o‘z iqtidorini namoyon etish, balki kelajakdagi ijodiy faoliyatida yangi cho‘qqilarni zabt etish uchun pillapoya vazifasini bajaradi.