O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari uchun «Les Ateliers Varan» hujjatli filmlar maktabi a’zosi, rejissyor David Treitiakoff tomonidan ikki hafta mobaynida mahorat darslari o‘tkaziladi.

Fransiyalik mutaxassis bugun oliygohga tashrif buyurib, rektor v.b. Eldor Shermanov bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotganini ta’kidlashdi.

«O‘zbekistonda fransuz tili va madaniyatiga bo‘lgan qiziqish yuqori darajada hisolanadi. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, o‘zaro hamkorligimiz ikki mamlakat madaniy aloqalari rivojiga ulkan hissa qo‘shadi», dedi O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermanov.

O‘z navbatida, fransiyalik mutaxassis hamkorlik masalasi amaliy tus olganidan xursand ekanligini ta’kidladi.

«O‘zbekistonga ikkinchi marotaba tashrif buyurdim. Mamlakat nihoyatda go‘zal, yoshlari ham juda iqtidorli sanaladi. O‘zaro hamkorlikda samarali loyihalardan biri amalga oshirilayotganidan behad xursandman», dedi David Treitiakoff.

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbusi va ko‘magida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha davomida xorijlik mutaxassis tomonidan talabalar uchun rejissura va montaj jarayoni bo‘yicha saboq beriladi.