O‘zDSMIda Dilorom Muhammedova sinf konserti o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida folklor va etnografiya fakulteti dotsenti Dilorom Muhammedovaning «Dilga yaqin qo‘shiqlar» deb nomlangan sinf konserti bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida institut rektori v.b. Eldor Shermanov mumtoz va xalq qo‘shiqlarning inson hayotida tutgan o‘rni to‘g‘risida fikr yuritib, Dilorom Muhammedovaga samimiy minnatdorchiligini bildirdi.

«Xalq qo‘shiqlari bolalik davrimizdagi unutilmas va go‘zal xotiralarining bir bo‘lagi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, biz tengi avlod buni juda yaxshi biladi. Ustoz ijodkorlar hamda iqtidorli talabalar tomonidan ijro etiladigan mumtoz va xalq qo‘shiqlarini tinglab, ma’naviy ozuqaga ega bo‘lamiz. Dilorom Muhammedova va uning shogirdlarini bugungi sinf konserti bilan chin qalbimdan muborakbod etaman hamda ularning ilmiy-ijodiy faoliyatida muvaffaqiyat tilayman», — dedi rektor.

Konsert davomida «Farg‘ona ruboiysi», «Qizgina», «Bo‘ylaringga», «Andijon boray dedim», «Namangan tanovari», «Bog‘ishamol», «Buxoro termalari» kabi mumtoz va xalq qo‘shiqlari ijro etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Tadbirda Bobur Xadjimuratov boshchiligidagi «E’zoz» ansambli jo‘rnavozlik qildi. Qolaversa, O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova mehmon sifatida ishtirok etdi.