O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Tatariston Respublikasi poytaxti Qozon shahrida o‘tkazilgan «An’anaviy madaniyat va xalq amaliy san’atining ko’p qirrali olami» mavzusidagi xalqaro konferensiyada onlayn tarzda ishtirok etib, nutq so‘zladi.

«O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va Qozon davlat madaniyat instituti o‘rtasida do‘stona va iliq munosabatlar o‘rnatilgan. So‘nggi yillarda ikki oliygoh o‘rtasida festivallarda qatnashish, malaka oshirish, stajirovka o‘tash kabi jarayonlar jadallashdi. So‘zlarimning isboti o‘laroq, bugungi kunda bir qancha O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari Qozon davlat madaniyat institutida tahsil olmoqda. Mazkur konferensiya mavzusi dolzarb hisoblanib, sohadagi mavjud muammolarga yechim bo‘lib xizmat qilishiga va uning rivojiga hissa qo‘shishiga ishonaman», — dedi rektor v.b. Eldor Shermanov.

Konferensiyada Rossiya va xorijlik mutaxassislar bilan bir qatorda, oliygohimiz professor-o‘qituvchilari ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.