O‘zDSMI rahbariyati xalq ijodiyoti fakulteti 1-bosqich talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati xalq ijodiyoti fakultetida tahsil olayotgan 1-bosqich talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov tomonidan Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, dunyo mamlakatlaridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga doir ma’lumot va tavsiyalar berildi.

«Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar naqadar ahamiyatli ekanligini barchamiz his qilishimiz lozim.

2017–2023-yillar davomida san’at va madaniyatni rivojlantirishga oid 156 ta qaror va farmoyishlar e’lon qilindi. Bu ham yurtboshimizning mazkur sohalarga bo‘lgan yuksak e’tiboridan darak beradi.

Mamlakat qudratini belgilovchi asosiy kuch — madaniyat va san’at.

Shunday davrlar keladiki, madaniyat va san’at mamlakatning eng ilg‘or sohalaridan biriga aylanadi. Siz va biz mazkur soha vakillarimiz, shunday ekan barchamizning zimmamizda ulkan mas’uliyat turibdi.

O‘smirlik chog‘idagingizdagi 10 yil kelgusi faoliyatingizda jiddiy ahamiyatga ega. Mazkur davrda o‘zlashtirilgan ilmlar umringiz so‘ngiga qadar farovon umr kechirishingizga xizmat qiladi.

Bugungi kunda ilmiy salohiyatni yaxshilashga harakat qilyapmiz. Talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun o‘qituvchilarga bo‘lgan talablarni ham oshirib, dars jarayonlarni nazorat qilyapmiz. Sizlardan ham befarq bo‘lmaslik talab etiladi. Talabalar safiga qabul qilingunga qadar bo‘lgan ishtiyoqingizni yo‘qotmasliklaringizni istardim. Dars yoki undan tashqari jarayonda nima yordam kerak bo‘lsa tayyormiz», — dedi Eldor Shermanov.

Shuningdek, rektor maslahatchisi Alisher Ishchanov yosh yigit-qizlarning katta hayotga qadam qo‘yayotganini hamda ular oldida ta’lim olish asosiy vazifa hisoblanishini ta’kidladi.

Davra suhbatida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.