O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatning alohida e’tiboriga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga yo’naltarish, kasbga o‘rgatish, o‘qitish va ish bilan ta’minlash maqsadida ushbu yoshlarni vazirlik tizimidagi obro‘-e’tiborli, katta hayotiy tajribaga ega rahbarlarga biriktirish an’anasi joriy etilgan edi.

Shunga ko’ra, hududlarga biriktirilgan rahbarlarning joylardagi holatni to‘laqonli aniqlash maqsadida xonadonma-xonadon yurib o‘rganishlari yoshlar o‘rtasidagi mavjud muammolarni tezda yechimini topishi muhim vazifa etib belgilandi.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” yili davlat dasturiga muvofiq, respublikadagi har bir oliy ta’lim muassasasi rektorlariga ijtimoiy himoyaga muhtoj va uyushmagan yoshlar biriktirilgan.

Shu munosabat bilan bugun О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Eldor Shermanov oliygohga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashish maqsadida Sirg‘ali tumanida bo‘ldi.

Uchrashuv davomida yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari, ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish, kasbga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi. Yoshlarning muammo va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga yechim topish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, ehtiyojmand oilalarga institut rahbariyati tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari tuhfa etildi.