O‘zDSMI rahbariyati doktorant va mustaqil tadqiqotchilar bilan davra suhbati o‘tkazdi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati doktorant va mustaqil tadqiqotchilar bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan uchrashuvda dissertatsiyalar holati, OAK ro‘yxatidan o‘tgan jurnallarda chop etilayotgan maqolalar soni va sifati va boshqa masalalar muhokama qilindi.

«Sizlar institut kelajagisiz. Oldingizda necha-necha yuzlab, balki minglab yoshlarga ta’lim berish hamda sohaga oid muaamolarga yechim topish vazifasi turibdi. Shunday ekan, bu kabi mas’uliyatli ishga yuzaki qarab bo‘lmaydi. Ilmiy faoliyat bilan faqatgina ilmiy darajaga erishish uchungina emas, aksincha, barchamizni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun mashg‘ul bo‘lish lozim. Yurtimizda kundan kunga olimlar ko‘paymoqda, ammo muammolar kamaygani yo‘q. So‘nggi yillarda birgina teatr sohasida ellikka yaqin fan doktorlari dissertatsiya himoya qildi, biroq aholining teatrga tashrifi hamon havas qilarli darajada emas. Shu bois, zimmangizda og‘ir, biroq uddalasa bo‘ladigan vazifa turibdi», — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Muloqot davomida doktorant va mustaqil tadqiqotchilarning hozirga qadar amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida hisobotlar tinglanib, ularning takliflari tinglandi.