Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Kengashining 1-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda institut rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari va boshqalar ishtirok etdi.
Kengash kun tartibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Farmoyishlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va bayoni, Vazirliklarning buyruqlari va topshiriqlarining bajarilish holati, mustaqilligimizning 32 yillik tantanalariga tayyorgarlik jarayoni, olyigoh yoshlarini talabalar turar joyi bilan ta’minlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Qayd etish joiz, oliygohimizda ko‘p yillardan beri faoliyat yuritib, soha rivojida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan to‘rt nafar professor-o‘qituvchimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi, bu mamlakatiizdagi oliy ta’lim muassasalari miqyosida eng yuqori ko‘rsatkich sanaladi.
Jumladan, «Musiqali, dramatik teatr va kino san’ati» kafedrasi professori Munavvara Abdullayeva «Mehnat shuhrati» ordeni; «Madaniyat va san’at menejmenti» kafedrasi professori Viktor Alimasov va “Kino, televideniye va radio rejissyorligi” kafedrasi dotsenti Hilol Nasimov «Do‘stlik» ordeni; «Musiqali, dramatik teatr va kino san’ati» kafedrasi professori Erkin Komilov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan mukofotlandi.
Institut rahbariyati tomonidan o‘z sohasining zahmatkash va fidoyi vakillariga minnatdorchilik bildirildi hamda ularga moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida sertifikatlarni topshirdi.
Bundan tashqari, yana bir qancha zahmatkash ustozlarimizga ilmiy unvonlar berildi. Jumladan, «San’atshunoslik» kafedrasi o‘qituvchisi Usmon Azim hamda «Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati» kafedrasi mudiri Timur Rashidov professor; «Sahna nutqi» kafedrasi o‘qituvichisi Shokir Yusupov hamda «Folklor va etnografiya» kafedrasi mudiri Kamoliddin Isayev dotsent ilmiy unvoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, «Vokal» kafedrasi o‘qituvchisi Sevara Malikovaga Turon akademiyasining faxriy-professori unvoni berildi.