❗️Konferensiyada institutda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar bilan bir qatorda, institutning Farg‘ona mintaqaviy filiali hamda Nukus filiali professor-o‘qituvchilari, shuningdek, yurtimizning deyarli barcha Qo‘g’irchoq teatrlari direktor va bosh rejissorlari ishtirok etib, soha tarixi, bugungi kundagi faoliyati va rivojlanish tendensiyalariga oid fikr-mulohazalarini bildirishdi.

✅Anjumanni kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov bugun tobora globallashayotgan hamda mafkuraviy hurujlar ko‘paygan bir davrda bolalar ongi va ruhiyatini turli yot g‘oyalardan asrash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun qo‘g‘irchoq teatrlarining roli juda ham yuksak ekanligini, shu ma’noda, bugungi konferensiya mamlakatimizdagi qo‘g‘irchoq teatrlarining yutuq va kamchiliklarini o‘rganish, yutuqlarini keng targ‘ib etish, muammolarning yechimini izlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.

🔽Konferensiyaning yalpi majlisida “O‘zbek qo‘g‘irchoq teatrida an’ana va zamonaviy taraqqiyot masalalari”, “Yangi davr qo‘g‘irchoq teatri rejissyorlarining ijtimoiy, ma’naviy va estetik normalarining shakillanish omillari va ularning yechimi”, “Yangi O‘zbekistonda qo‘g‘irchoq teatr san’atiga yangicha yondashuv”, “Qo‘g‘irchoq teatrida tarixiy shaxslarning obrazi”, “Проблема невыразительных голосов актёров в профессиональных театрах кукол”, “Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi masalalari”, “Qo‘g‘irchoq teatr san’atida musiqa” kabi ko‘plab dolzarb mavzular qamrab olingan ma’ruzalar yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.

Konferensiya to‘plamida 50 dan ortiq maqolalar jamlangan bo‘lib, ularda mualliflar umuman zamonaviy qo‘g‘irchoq teatri qanday bo‘lishi kerak? Bugun qanday mavzulardagi spektakllarga ehtiyoj bor? Va boshqa ko‘plab dolzarb va muhim savolarga javob berishga intilgan.
Konferensiya yakunida barcha ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.