
Ma’lumki, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularni adabiyot va mutolaaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan “Ma’rifat ulashib” loyihasining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ushbu loyiha yoshlarning tafakkurini kengaytirish, ularni o‘qish va o‘rganishga da’vat etishda, shuningdek, milliy g‘oya va qadriyatlarimizni chuqur anglashida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.Tobora an’anaga aylanib borayotgan mazkur loyiha doirasida bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida navbatdagi ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda talaba-yoshlarni adabiyot, ma’rifat va so‘z san’atiga oshno etish, ularda kitob o‘qishga bo‘lgan mehrni kuchaytirish maqsad qilingan.
Tadbirga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi, ssenarist, telejurnalist Nazar Eshonqulov, sharqshunos, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Abdumajid Azimov, hamda “Shuhrat” medali, “Oltin qalam” milliy mukofoti sohibasi, yozuvchi Xosiyat Rustamovalar taklif etildi.
Dastlab, Institut O‘quv teatrida talaba-yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev mehmonlarni samimiy kutib olib, institut jamoasi nomidan ularga minnatdorlik bildirdi. U o‘z so‘zida bu kabi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini boyitish, ularning adabiyot, san’at va madaniyatga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishda, shuningdek, o‘qish va fikrlash madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

N.Sayfullayev O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy oliy ta’lim muassasasi sifatida adabiyot bilan chambarchas bog‘liqligini qayd etdi. Bu yerda faqatgina san’at va madaniyat sohasi vakillari emas, balki yozuvchi va shoirlar ham faoliyat yuritishi, bu esa adabiy muhitni yanada boyitishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan u bunday hamkorlik tadbirlari kelgusida ham izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.

Shundan sо‘ng institut rahbari mehmonlarga minnatdorlik sifatida tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari taqdim etdi.
Uchrashuv ijodiy, samimiy ruhda davom etdi. Mehmonlar o‘z chiqishlarida adabiyotning inson ruhiy dunyosidagi o‘rni, so‘zning qudrati va kuchi, shuningdek, bugungi efirga uzatilayotgan seriallar, ularning milliy mentalitet va ma’naviyatga ta’siri, yosh avlod ongiga singdirayotgan g‘oyalari haqida fikr almashishdi.

Ijodkorlar so‘zning mas’uliyatini, yozuvchi va jurnalistning xalq, millat, va ayniqsa, yoshlar oldidagi vazifasini alohida ta’kidlashdi. Milliy qadriyatlarimizni, ona tilimizni, madaniyat va o‘zligimizni saqlab qolishda adabiyotning o‘rni beqiyos ekanini qayd etishdi. Yoshlarning qalbida adabiyotga, Vatanga va millatga mehr uyg‘otish bugungi kunda eng muhim vazifalardan biri ekanligi aytib o‘tildi.

Har bir ijodkor uchrashuv davomida millatni ulұg‘lovchi, Vatanni madh etuvchi she’rlaridan namuna о‘qib berdi. Shu onlarda zaldagi talabalar va ustozlar kо‘zlarida ilhom va faxr tuyg‘usi namoyon bо‘ldi.
Tadbir davomida institut o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ham о‘z ijodiy namunalarini taqdim etdilar. Ayniqsa, institut professori, taniqli shoira Sayyora Toychiyevaning “Vatan manzumasi” nomli she’ri yig‘ilganlarda chuqur ta’surot qoldirdi. Ushbu she’r yurtimizga bо‘lgan muhabbat, sadoqat va gurur tuyg‘usini yanada yorqin ifodaladi.

Talaba-yoshlarning adabiyot, ijod va mutoalaga oid savollariga mehmonlar atroflicha va samimiy tarzda javob berishdi. Ular har bir yosh qalbda ijod urug‘ini sepish insonning eng ezgu amallaridan biri ekanligini ta’kidlab о‘tishdi.

Shundan so‘ng mehmonlar institut Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Shohbek Ergashev hamrohligida institut faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ular talaba-yoshlarning ijodiy ishlari, o‘quv jarayonlari va zamonaviy sharoitlar bilan qiziqish bilan tanishdilar.


Xususan, Xalq ijodiyoti fakulteti “Ashula va raqs” ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan ijro etilgan “Farg‘onacha jonon” va “Nasri uzzol” kuy-qo‘shiqlari, shuningdek, “Dramatik teatr va kino aktyorligi” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabalari tomonidan namoyish etilgan mahorat darslari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bundan tashqari ular talabalar turar joyi, o‘quv va ijodiy auditoriyalar, zamonaviy texnik jihozlar bilan tanishib, institutdagi imkoniyatlardan mamnun bo‘lishdi.

Eslatib o‘tamiz, kunning birinchi yarmida ijodkorlar Nazar Eshonqulov, sharqshunos Abdumajid Azimov va Xosiyat Rustamovalar Zangiota tumanidagi 36-, 37- va 2-umumta’lim maktablarida ham ma’naviy uchrashuvlar о‘tkazishdi. Ular о‘quvchilar bilan samimiy muloqot qilib, ularni kitobxonlikka, bilim olishga, mustaqil fikrlashga da’vat etdilar. Ushbu uchrashuvlarda yozuvchilar о‘z ijodiy tajribalari, ilk ilhom manbalari va kitobning inson hayotidagi beqiyos ahamiyati haqida sо‘z yuritishdi. Ular bolalarni har kuni kamida bir necha sahifa kitob о‘qishga, fikr yuritish va savol berishdan qо‘rqmaslikka chorlashdi.
