О‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan fan arbobi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Mamajon Rahmonov hayot bо‘lganlarida bu yil 110 yoshni qarshilagan bо‘lar edi. Atoqli san’atshunos olim yurtimiz teatr san’atini rivojlantirishga ulkan hissa qо‘shgan. Shuningdek, u davlat va jamoat arbobi sifatida ham keng jamoatchilikka yaxshi tanish edi.
Benazir ustoz Mamajon Rahmonovning yorqin xotirasiga bag’ishlangan tadbir ikki qismdan iborat bo‘ldi. Dastlab xotira kechasi tashkil etilib, olimning hayot yo‘li, ilmiy izlanishlari, o‘zbek madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi va insoniy fazilatlari eslandi.
Tadbir avvalida akademik Mamajon Rahmonovning hayotiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi. Unda olimning shogirdlari va yaqinlari uning hayoti, san’at va madaniyatga bo‘lgan munosabati, shogirdlarini qo‘llab-quvvatlagani va u bilan bog‘liq ko‘pgina xotiralari haqida so‘z yuritgan.
✔️Kechani O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ochib berdi hamda Mamajon Rahmonovning bosib o‘tgan hayot yo‘li barcha uchun o‘rnak ekanligini, zahmatkash olim о‘zbek milliy teatr san’atining qadimiy tarixi va taraqqiyoti, uning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan kо‘plab monografiyalar, tadqiqot ishlari, maqola va tо‘plamlar muallifi sifatida sohaning taraqqiyotida alohida o‘ringa ega bo‘lganini qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, Kinematografiya agentligi direktori Shuhratilla Rizayev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, oliy toifali suxandon Nasiba Ibragimova, O‘zbekiston xalq artisti Rustam Xamidovlar Mamajon Rahmonov haqidagi iliq xotiralari, olimning insoniy fazilatlari hamda san’at va madaniyat hamda ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Mamajon Rahmonov 1914-yil 21-dekabrda Qо‘qon shahrida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini maktab о‘qituvchisi sifatida boshlagan. 1931-1936-yillarda Moskva Moliya institutida tahsil olgan 1938-1942-yillar О‘zbekiston davlat filarmoniyasini boshqargan. 1942-1949 yillarda Muqimiy nomidagi О‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori lavozimida faoliyat kо‘rsatadi. 1949–1951 yillarda Moskva davlat konservatoriyasi qoshida tashkil etilgan о‘zbek opera studiyasiga rahbar etib tayinlanadi. Yana vatanimizga qaytib kelib, 1951-1954 yillarda Toshkent teatr va rassomlik (hozirgi О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat) institutida tahsil oladi. Alisher Navoiy nomidagi О‘zbekiston Davlat akademik Katta teatrini boshqaradi.
Keyinchalik Mamajon Rahmonov Toshkent davlat konservatoriyasi hamda Toshkent davlat teatr va rassomlik instituti rektori kabi mas’uliyatli vazifalarda faoliyat yuritib, mamlakatimiz madaniyati va san’ati sohasida malakali kadrlar tayyorlash ishlariga munosib hissa qо‘shdi.
Tadbir “Integratsion va transformatsion jarayonlarda san’atshunoslik fani va ta’limining dolzarb masalalari” nomli Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bilan davom ettirildi.
❗️Anjumanning yalpi majlisida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Kamola Akilova “Мамаджан Рахманов: ученый, деятель, человек”, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimov “Zamonaviy o‘zbek rangtasvirida ijodiy izlanishlar: mavzu va talqin”, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, san’atshunoslik fanlari doktori Muxabbat Tulyaxodjayeva “Профессия театровед”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor Omonulla Rizayev, “Atoqli san’atshunos olim”, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori, san’atshunoslik fanlari doktori Dilafruz Qodirova “Teatrshunoslar akademiyasi” nomli ma’ruzalari bilan chiqish qildi.
Konferensiya ma’ruzalari to‘plam sifatida nashr etildi. Ushbu to‘plamdan 80 dan ortiq muallifning Mamajon Rahmonovning hayoti va ilmiy-ijodiy, rahbarlik va pedagogik faoliyati hamda san’atshunoslik fani va ta’limining dolzarb masalalariga bag’ishlangan maqolalari o‘rin oldi.