Unda soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, yosh pedagoglar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Dastlab, tadbirni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev kirish so‘zi bilan ochib berdi.

U seminar ishtirokchlariga o‘z minnatdorligini bildirib, madaniyat va san’at sohasida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayonida zamonaviy yondashuv va innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, u mazkur tadbirni institutda 2025 yilda olib borilgan islohotlarning mantiqiy davomi va joriy yil yakuni sifatida baholar ekan, о‘tib borayotgan ushbu yilda institut tomonidan о‘quv, tarbiyaviy jarayon bilan ilmiy izlanishlar ham samarali olib borilganini ta’kidladi. Bu borada institut barcha kafedralari о‘z yо‘nalishlari bо‘yicha salmoqli ishlar olib borayotganligi pedagoglar esa ilmiy izlanishlar bilan band ekanligi aytib о‘tildi.

N.Sayfullayev o‘z so‘zi davomida o‘quv jarayonlarini yanada takomillashtirish va ilmiy salohiyat jihatdan ko‘zda tutilgan istiqbolli rejalar xususida gapirib o‘tdi.

Shundan so‘ng mavzu yuzasidan ma’ruzalarga o’tildi.

Unda O‘zbekiston davlat yoshlar teatri direktori, dotsent Farhod Jo‘rayevning “O‘zbek teatr san’atida kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari” mavzusidagi,

Toshkent shahar Yunusobod tumani madaniyat bo‘limi mudiri Marxamat Murodovaning “Madaniyat markazlari xodimlarining malaka talablari” mavzusidagi, O‘zDSMI “Madaniyat va san’at menejmenti” kafedrasi dotsenti, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Oybek Do‘smuhammedovning “Madaniyat va san’at muassasalarida menejment va marketing strategiyasi” mavzusidagi,

kafedra o‘qituvchisi Nigora Rahimovaning “Yangi O‘zbekistonda turizm madaniyatini rivojlantirish” mavzusidagi, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kotibi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Zokirjon Axmedovning “Muzeyshunos kadrlarni tayyorlashning zamonaviy talablari” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

Seminar davomida har bir ma’ruza yuzasidan savol-javoblar bo’lib, mavzu yuzasidan qizg‘in kechgan bahs-munozaralarda mutaxassislar o‘z fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etdilar.

N.Sayfullayev o‘z xulosaviy nutqida ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliyot o‘rtasida mustahkam bog‘liqlikni yo‘lga qo‘yish orqali sohada samarali natijalarga erishish mumkinligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek,seminar davomida ilgari surilgan g‘oyalar negizida zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini ishlab chiqish, amaliy loyihalar tayyorlash bo’yicha topshiriqlar berdi va ushbu loyihalarni tegishli vazirlik va yuqori turuvchi tashkilotlarga taqdim etish yuzasidan o’z fikrini bildirdi.

Bunday ilmiy-amaliy seminarlar soha mutaxassislari va yosh kadrlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishini bildirib, barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Seminarni “Madaniyat va san’at menejmenti” kafedrasi mudiri, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Sayfullo Ikramov olib bordi.