Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbek tili bayrami munosabati bilan «O‘zbek tili — milliy madaniyatimiz timsoli» nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbir avvalida oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov so‘zga chiqib, barcha yurtdoshlarimizni til bayrami bilan tabrikladi.
«Barchangizga bugungi ulug‘ kun muborak bo‘lsin! Har bir millatning boshqa ramzlari qatorida o‘z tili bor va bu eng katta boyliklaridan biri hisoblanadi.
Har bir inson ona tilimiz rivoji yo‘lida o‘z hissasini qo‘shmog‘i darkor. O‘zbek tili jozibadorligi, ma’nodorligi, lug‘at boyligi bilan boshqa tillardan ajralib turadi.
San’at va madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlar tilimizning keng qamrovga ega bo‘lishi hamda adabiy holda saqlanib qolishida juda katta vazifasini bajaradi.
O‘zbek tili abadiy bo‘lsin! Barchani ushbu shodiyona bilan yana bir bora muborakbod etaman!» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Shuningdek, davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Alparslan Akinji hamda Turkiya tijorat palatasii rahbari Serdar Keskin ham o‘z tabriklarini yo‘lladi.
«O‘zbekiston — turk xalqlari madaniyatining beshigi. O‘zbekiston va Turkiyaning tili, madaniyati, urf-odatlari juda o‘xshashdir. Turkiyada ham Toshkent tumani, Sayhun va Jayhun o‘lkalari bor. Bugungi shodiyonaga do‘stlarimiz bilan birga bo‘lish maqsadida tashrif buyurdik. Barchaningizni til bayrami bilan tabriklayman», — dedi Alparslan Akinji.
Tadbir konsert dasturi bilan davom etib, bir-biridan diltortar taronalar bilan mehmonlarni xushnud etdi. Tadbirdan so‘ng doshqozonda ehson oshi damlanib, institutning professor-o‘qituvchilari hamda talabalar turar joylarida istiqomat qiladigan yigit-qizlarga tarqatildi.