Bugun Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida joriy yil so‘ngida tashkil etilishi rejalashtirilgan «O‘zbek kinosi — yangi nigoh» kino oyligi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, Kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matjonov, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov, oliygoh kafedra mudirlari hamda kino sohasining taniqli namoyondalari va taniqli jamoat arboblari ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, kino oylik doirasida «Oltin Humo» milliy mukofotini taqdirlash marosimi, talabalar o‘rtasida «Debyut» qisqa metrajli filmlar tanlovi, kinotaqdimotlar, ilmiy konferensiya, forum va boshqa turli tadbirlar tashkil etiladi.
Muhokama davomida mas’ul shaxslar o‘z fikrlarini bildirdi.
Kinematografiya agentligi direktor o‘rinbosari Shuhrat Rizayev:
«Bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday paytda bir chetda turishimiz gunoh sanaladi. Biz ham o‘z ijodiy ishlarimiz, tadbirlarimiz bilan jipslashishimiz zamon taqozosi hisoblanadi. O‘ylaymanki, mazkur kinooylik ham har qanday talablarga javob beradigan hamda esda qolarli tarzda o‘tkaziladi».O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov:
«Bizning oliygoh avval ham xalqaro darajadagi festivallarga mezbonlik qilgan. Shu bois, bu borada salohiyatimiz va tajribamiz yetarli. Bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan kino sohasiga katta e’tibor qaratilayotgani barchamizni quvontiradi. Mazkur festival doirasida ko‘plab talabamiz o‘z filmlari bilan ishtirok etadi. Biz ham bundan mamnunmiz. Negaki, yoshlarni qo‘llab-quvvatlasak, ular kino sohasi rivoji yo‘lida xizmat qiladi».Kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matjonov:
«Kino oyligi katta mas’uliyatga ega tadbir ekanligini his qilib turibmiz. Joriy yilgi tadbirlar boshqacha o‘tishi aniq. Sababi, festival doirasida oltita film premerasi namoyish etilishi ko‘zda tutilmoqda. Tarixda bunaqasi bo‘lmagan. Prezidentimiz tashabbusi zamirida kino sohasining jamiyatimizdagi o‘rni yuksalib bormoqda. Davlat rahbarimiz tomonidan berilayotgan e’tiborni shunday tadbirlar orqali namoyish eta olishimiz kerak».
«O‘zbek kinosi — yangi nigoh» kino oyligi dekabr oyida o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ham ishtirok etadi.