Anjumanda sun’iy intellekt va IT mutaxassislari, raqamli texnologiyalar, kompyuter grafikasi va VFX (visual effects) bo‘yicha ekspertlar, montaj ustalari hamda tegishli oliygohlar professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilar, shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari faol ishtirok etishdi.

Dastlab, anjumanni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev kirish so‘zi bilan ochib berdi.

U o‘z nutqida sun’iy intellektning jadal rivoji butun dunyo kinematografiyasida inqilobiy o‘zgarishlar yuzaga keltirayotganini, O‘zbekiston kino maktabi ham bu jarayondan chetda qolmasligi zarurligini ta’kidladi.

— O‘zbekiston so‘nggi yillarda sun’iy intellekt rivojiga alohida e’tibor qaratmoqda. Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan sun’iy intellekt mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha markazlar tashkiletildi, IT-parklar faoliyati kengaytirildi, oliy ta’limdaraqamli, multimodal, media-kommunikatsiya kabiyangi fanlar joriy qilinmoqda, kreativ industriya bozorida sun’iy intellekt asosidagi studiyalar, post-prodakshn markazlari paydo bo‘lmoqda, milliy kinobozorida sun’iy intellekt asosidagi vizual effektlar(VFX), animatsiya, raqamlashgan arxivlar, virtual suratga olish bo‘yicha loyihalar kengaymoqda. Amalga oshirilgan mazkur islohotlar ko‘plabsohalar, xususan, o‘zbek kino san’ati kabi kreativ industriyada yangi bosqichni boshlab berdi, — deydi u o’z so’zida.

Shuningdek, anjuman davomida so‘zga chiqqanlar sun’iy intellekt kino va media sohasini keskin o‘zgartirayotganini ta’kidladilar.
Ular AI yordamida kadrlarni qayta ishlash, vizual effektlar yaratish, ovoz sintezi, dublaj, kinematografik tahlil kabi yo‘nalishlarda katta imkoniyatlar paydo bo‘layotgani, yoshlarning texnologiya bilan erkin ishlashi esa bunday innovatsion jarayonlarni tezroq joriy etishga imkon berayotganini qayd etishdi.

Shundan so‘ng konferensiya yalpi majlisiga o‘tildi.

Unda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU “Sun’iy intellekt” kafedrasi dotsenti, PhD Javohir Nurmurodovning “Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida O‘zbekiston san’ati va madaniy merosini saqlash, tahlil qilish va interaktiv ta’lim jarayonlarini rivojlantirish” mavzusidagi, “Tilmoch” sun’iy intellekt loyihasi asoschisi Muhammadsaid Mamasaidovning “Kinematograf lokalizatsiyasini takomillashtirish: o‘zbek bozorida dublaj uchun sunʼiy intellekt asosidagi Tilmoch AIning o‘rni” mavzusidagi, O‘zDSMI Raqamli texnologiyalari ta’lim markazi direktori, “Axborot texnologiyalari” kafedrasi dotsenti v.b. Maksim Savochkinning “Интеллектуальные технологии анализа и переработки видео: возможности и ограничения для киноискусства” mavzusidagi, Young Lions CA 2025 g‘olibi, rejissyor Damir Mubinovning “Инновационные режиссёрские подходы в создании клипов и фильмов на основе искусственного интеллекта” mavzusidagi, O‘zDSMI “Axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri, PhD, dotsenti Aziza Qurbonovaning.
“Creative Art-lab – sun’iy intellekt orqali kontent tayyorlash texnologiyasi” mavzusidagi, “Shoom production” montaj ustasi Vaxobjon Norbutayevning “Kino san’atida zamonaviy montaj va uning usullari” mavzusidagi, O‘zDSMI tayanch doktoranti Jumagul Nishonovaning “AI va kreativ yondashuvlar orqali O‘zbekiston ta’limini raqamli transformatsiya qilish: ilmiy natijalar va amaliy tajribalar” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

Konferesiya davomida nafaqat mutaxassislar balki, talabalar ham mavzu yuzasidan qizg‘in kechgan baxs-munozaralarda o‘z fikrlari bilan faol ishtirok etdilar.

Anjuman so’ngida Nodirbek Sayfullayev o’z xulosasini bildirar ekan, jumladan shunday dedi:
— “Mazkur konferensiya yana bir bor shuni ko’rsatdiki, sun’iy intellekt va kinematografiya uyg‘unligi bizning ijodiy kelajagimizni belgilaydigan eng muhim yo‘nalishlardan biridir.”

Ma’ruzalar yakunida faol ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Anjumanni “Kutubxona-axborot faoliyati” fakulteti dekani, PhD, dotsent Bahodir Usmonov olib bordi.