Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida musiqashunos olim, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Oqilxon Ibrohimovning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan «O‘zbek musiqiy merosining ta’lim tizimidagi o‘rni va ahamiyati» mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyani oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berdi.

«So‘nggi yillarda madaniyat va san’at sohasiga har qachongidan ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. So‘zlarimning isbotini statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Hukumatimiz tomonidan hozirga qadar 200dan ortiq qaror va farmoyishlar e’lon qilindi. Bu haqda baralla aytsak arziydi. Bularning barchasi Prezidentimiz tomonidan mukammal va oqilona olib borilayotgan islohotlar samarasi hisoblanadi.

Musiqa qadimdan bizga hamnafas bo‘lib kelgan. O‘zbek musiqasi boy tarixga ega. Birgina maqom san’atining o‘zi ulkan xazina sanaladi. Albatta, ushbu sohalarning nazariya sifatida taraqqiy etishi ko‘pgina insonlar bilan bog‘liq. Ilm-fan yo‘lida ko‘pgina olimlar bir umr fidoyi xizmat qilib kelgan. Ulardan biri Oqilxon Ibrohimov edi. Ustozning birgina maqomchilik san’ati yo‘lida amalga oshirgan ishlarini sanab, adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Oqilxon aka maqom san’atining ustunlaridan biri edi. Endilikda biz ham u kishining ishlarini davom ettirmoqchimiz. Mazkur konferensiya ham buning bir debochasi deyishimiz mumkin. Bu yo‘lda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘layotgan barchaga omad tilayman», dedi Eldor Shermanov.

Yalpi majlisda san’at arboblari, xalq artistlari hamda professor-o‘qituvchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Shundan so‘ng sho‘balar tashkil qilinib, unda «O‘zbek xalq musiqiy merosini tadbiq etish masalalari», «Mumtoz musiqa merosi: o‘tmishi va buguni», «O‘zbek musiqashunoslik, madaniyatshunoslik va etnomusiqashunoslik muammolari» hamda «Ta’lim tizimida milliy musiqa san’atining o‘qitilishi» kabi mavzular muhokama qilindi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.