Mazkur nufuzli anjumanda respublika bo‘yicha 200 dan ortiq oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari, sohaning yetakchi mutaxassislari, mahalliy va xalqaro ekspertlar qatnashdilar. Jumladan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ham ishtirok etdi.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Hilola Umarova va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning kirish so‘zlari bilan ochildi.

Shunigdek, tadbir davomida vazirning birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov, Vazirlik huzuridagi Raqamli taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish markazi direktori Alisher Abdullayev, Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yo‘ldoshev, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti prorektori Bahodir Ahmedovlar o’z maʼruzalari bilan chiqish qilishdi.

Jarayonda taʼlimda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning zamonaviy yondashuvlari, taʼlim samaradorligini oshirish, talabalarning o‘quv faoliyatini tahlil qilish, dars jarayonini individuallashtirish hamda akademik halollikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Forum oʻz ishini panel sessiyalarda davom ettirarkan, unda oliy taʼlim muassasalarida sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish, sunʼiy intellekt savodxonligi: etik meʼyorlar va amaliy koʻnikmalar hamda oliy taʼlimda raqamli transformatsiyaga bag’ishlangan masalalar muhokama qilindi.

Forum yakunida ishtirokchilar sunʼiy intellekt texnologiyalarini oliy taʼlim tizimiga joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.

Bundan tashqari forum ishtirokchilari O’zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida ular katta bunyodkorlik loyihalari, shuningdek, yurtimiz sivilizatsiyasi taraqqiyotining turli bosqichlarini, buyuk allomalar va ulamolarning boy ilmiy-ma’rifiy merosini zamonaviy muzey ekspozisiyalari orqali aks ettiruvchi, kelajak avlodni ma’naviy kamolga chorlaydigan ushbu noyob ilmiy-ma’rifiy majmuaning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishdilar.