Doktorantlar va tadqiqotchilar ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirishda muhim rol o’ynaydi. Ular tomonidan olib borilayotgan izlanishlar hamda erishilayotgan natijalar jamiyatni yangi bilimlar bilan boyitadi, fan va texnologiya taraqqiyotini tezlashtiradi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupovning O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida doktorantlar va tadqiqotchilar hamda yetakchi professor-o’qituvchilar bilan muloqoti o’tkazildi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan ushbu uchrashuv davomida uzluksiz ta’lim tizimining oliy ta’limdan keyingi bosqichida dissertatsiya himoyalarini qanday shakllantirish kerakligi haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, bu jarayonda duch kelinadigan to‘siqlar va muammolar, OAK nizomi bo‘yicha tadqiqotchilarga taqdim etilayotgan yengilliklar va imkoniyatlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Davra suhbatida institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ham ishtirok etib, doktorantlar va tadqiqotchilarning ilmiy faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashda san’at va madaniyat sohasida ilmiy daraja berish tartibi hamda tadqiqotchilarning xorijiy mamlakatlarda amaliyot o‘tashi masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ilmiy yangiliklarni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, ijodiy ishlarni ilmiy ishga tenglashtirish kabi muhim jihatlar, shuningdek, ilmiy loyihalarni tijoratlashtirish, plagiat materiallarga qarshi kurashish va ilmiy unvon sohiblarining monitoring qilish masalalari yuzasidan yo‘llangan savollarga atroflicha javob berildi.

Uchrashuvda doktorantlar va tadqiqotchilar ilmiy izlanishlarini samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yo‘l-yo‘riqlar va tavsiyalarga ega bo‘ldi. Mutaxassis tomonidan berilgan ma’lumotlar ularga duch keladigan muammolarni hal qilishda va izlanishlarni yanada samarali olib borishda yordam beradi. Bu esa, o‘z navbatida, fan va ta’lim tizimining rivojlanishiga, ilmiy salohiyatning yuksalishiga xizmat qiladi.