Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 8-mart — Xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Tong chog‘idan bayramona muhit hukm surib, oliygoh hovlisi, kirish yo‘li bezatildi hamda institut jamoasi va Yoshlar Ittifoqi tashkiloti faollari ishtirokida ta’lim muassasasida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi.
Qolaversa, o‘quv teatrida «Olam nafas olgan havosan — ayol» deb nomlangan konsert dasturi o‘tkazildi.
Konsertni Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov hamda institut rektori v.b. Eldor Shermanov kirish so‘zi bilan ochib berib, munis va mehribon ayollar hamda go‘zal va ilmga chanqoq qizlarni bayrami bilan tabrikladi.
Shuningdek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov tomonidan sanʼatshunoslik kafedrasi dotsenti Sabohat Hayitmatova, madaniyat va sanʼat menejmenti kafedrasi professori Manzura Yuldasheva hamda madaniyatshunoslik kafedrasi dotsenti Qunduzxon Nishonboyevaga yoʻllangan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi hamda vazirlik faxriy yorliqlari topshirildi.
Bundan tashqari, folklor va etnografiya kafedrasi oʻqituvchisi Kamola Toshmatova falsafa doktori (PhD) diplomi hamda madaniyat va sanʼat menejmenti kafedrasi dotsenti Dilafro‘z Yusupaliyevaga fan doktori ilmiy unvoni topshirildi.
Badiiy kechada xalq artistlari va xofizlari, el suygan san’atkorlar hamda iqtidorli talabalar tomonidan ayol siymosi ulug‘langan kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Konsert dasturi raqslarga ulanib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.