O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash hamda uning mazmun-mohiyatini chuqur anglashga qaratilgan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Shohbek Ergashev, “Xalq ijodiyoti” hamda “Kutubxona-axborot” fakultetlari professor-o‘qituvchilari, institut xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi raisi, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abduxalil Mavrulov Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan muhim yo‘nalishlar — barqaror iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy sohalarni yanada takomillashtirish, ta’lim va madaniyat tizimini rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish hamda korrupsiyaga qarshi kurash masalalari yuzasidan batafsil ma’ruza qildi.

Shuningdek, Murojaatnomada iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda hududlar rivojiga xizmat qiluvchi dasturlar alohida e’tirof etilgani ta’kidlandi.

Seminar jarayonida ta’lim sohasiga oid ustuvor vazifalar — zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ta’lim tizimini xalqaro talablar asosida rivojlantirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir yakunida Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyatini nafaqat professor-o‘qituvchilar, balki talabalar o‘rtasida ham keng va tizimli tushuntirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Zеrоki, bugungi talaba-yoshlar mamlakatimizda boshlangan Uchinchi Renessans bunyodkorlari sifatida zamonaviy bilim, yuksak tafakkur va mustahkam ma’naviy pozitsiyaga ega bo‘lishi lozim. Shu bois Murojaatnomada belgilangan maqsad va vazifalarni yosh avlod ongiga singdirish, ularni Vatan taraqqiyoti yo‘lida faol ishtirok etishga chorlash muhim vazifa ekani qayd etildi.