Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida xalq ijodiyoti fakulteti, milliy qo‘shiqchilik kafedrasi dotsenti Mansur Mamirovning «Qo‘shiqqa navbat» deb nomlangan ijodiy konserti o‘tkazildi.
Tadbirni oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, Mansur Mamirovning ijodiy faoliyati bilan bir qatorda shaxsiy fazilatlarini e’tirof etdi.
«Milliy qo‘shiqchilik va maqom san’ati bo‘yicha kamdan-kam xonanda yuqori cho‘qqiga chiqa oladi. Sababi, bu yo‘nalishning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari va mashaqqati mavjud. Mansur Mamirov shunday cho‘qqini zabt etgan fidoyi san’atkorlardan biri hisoblanadi. Shunday mohir ijodkorning hayotda sodda va beg‘ubor ekanligini meni hayratda qoldiradi. Ham insoniy, ham ijodiy fazilatlari havas qilishga arzigulik ijodkorlar kamdan-kam topiladi», — dedi Eldor Shermanov.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ahmadjon Dadayev rahbarligidagi «Sayqal» ansambli jo‘rnavozligidagi konsertda «Yolg‘iz», «Agar sendan tonar bo‘lsam», «Zulfing», «Ey, sabo», «Na bo‘lg‘ay» va boshqa qo‘shiqlar Mansur Mamirov, shuningdek, el suygan xonandalar va iste’dodli talabalar tomonidan ijro etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.