Kutubxona-axborot faoliyati fakulteti 1-bosqich talabalari qasamyod qabul qilishdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida kutubxona-axborot faoliyati fakultetining 1-bosqich talabalari ishtirokida talabalik qasamyodi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermanov so‘zga chiqib, joriy yil talabalar safiga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarni tabrikladi va ularga ta’lim olish davomida muvaffaqiyat tiladi.

«Bejizga kutubxonachi xodimlarni tayyorlash uchun alohida fakultet tashkil etmaganmiz. Boisi, ushbu soha vakillari qadimdan e’zozda bo‘lib, jamiyatning eng yuqori qatlam vakillari safida turgan. Shunday ekan, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida siz kabi kitobxon, zehnli avlod ko‘magiga muhtojmiz. Bilim olishdan aslo to‘xtamang. Barchangizni talabalar safiga qabul qilinganingiz bilan tabriklayman» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

O‘z o‘rnida, talabalik maqomiga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi va qonunlarida berilgan fuqarolik huquq va burchlarini bajarish, institut ichki tartib-qoidalariga so‘zsiz amal qilishga, zimmasiga yuklangan vazifalarni sidqidildan bajarish, talabalik maqomiga munosib bo‘lishga qasamyod qilishdi.

Bayram tadbirida talabalar tomonidan tayyorlangan qo‘shiqlar ijro etildi. Kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan o‘g‘il-qizlarga ramziy «Oltin kalit» hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.