Koreyadagi universitet bilan manfaatli hamkorlik

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Janubiy Koreyaning Sejong universiteti vakillari tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlik, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini qo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

«Oliygohimizda san’at sohasining barcha tarmoqlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydigan yo‘nalishlar maqjud. Boy tarixga ega institutimizni yetuk san’atkorlar tamomlagan. Biz milliylik bilan bir qatorda, xorijiy tajribalarni o‘rganishga qattiq bel bog‘laganmiz. Shu bois, o‘zaro hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. O‘ylaymanki, ushbu hamkorlik ikkala tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi. Biz qog‘ozda qolib ketadigan emas, amaliy hamkorlik tarafdorimiz», dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Shuningdek, kelgusida ikki oliygoh o‘rtasida animatsiya san’atiga oid qo‘shma yo‘nalish ochish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuv so‘ngida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida memorandum imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.