Institut O‘quv teatrida Izzat Sulton qalamiga mansub «Imon» dramasi sahnalashtirildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti O‘quv teatrida Izzat Sulton qalamiga mansub “Imon” dramasi asosida sahnalashtirilgan spektakl Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti jamoasiga namoyish etildi.

Spektaklni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Sobir Madiyev, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori Eldor Shermonov hamda ushbu institut jamoasi birgalikda tomosha qildi.

Izzat Sultonning “Imon” dramasi inson ruhiyati, vijdon, e’tiqod, sadoqat va ma’naviy poklik kabi umuminsoniy qadriyatlarni chuqur falsafiy mazmunda yoritishi bilan alohida ahamiyatga ega. Asarda professor Komilov obrazi orqali insonning o‘z e’tiqodiga sodiqligi, haqiqatni anglash va vijdon oldidagi mas’uliyati masalalari badiiy talqin etiladi.

Sahna nutqi kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan, kafedra professori Ramz Qodirov sahnalashtirgan spektaklda aktyorlarning ijro mahorati, sahna nutqi va obrazlar talqini asarning g‘oyaviy mazmunini tomoshabinga ta’sirchan tarzda yetkazishga xizmat qildi.

Namoyish yakunida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori Eldor Sher­monov spektaklni yuksak baholab, uning ijodiy jamoasiga samimiy minnatdorlik bildirdi hamda ijodkorlarga «Tashakkurnoma»lar topshirdi.