|
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professional ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi, davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan, bitiruvchilarga oliy ta’limning 2 bosqichi (bakalavriat va magistratura) bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beradigan davlat tasarrufidagi oliy o‘quv yurtidir. Institut O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yilning 4-iyundagi №1771-sonli qaroriga asosan Toshkent davlat madaniyat instituti va O‘zbekiston davlat san’at instituti negizida tashkil etilgan. Institut madaniyat va san’at sohasiga bevosita aloqador bo‘lgan bir qancha tor mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlovchi o‘ziga xos oliy ma’lim muassasasi hisoblanadi. O‘quv yurtida ta’lim berish jarayonida fan va san’at, ijodiy faoliyat va amaliy texnologiyalar uyg‘unlashgan holda olib boriladi. Institutning 4 fakulteti va 18 kafedrasida talabalar ta’limning 26 ta yo‘nalishi va 19 mutaxassisligi bo‘yicha o‘zbek va rus tillarida tahsil oladilar. Institut aktyorlik mahorati va rejissura, san’atshunoslik va teatrshunoslik, ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati, xalq ijodiyoti (cholg‘u ijrochiligi, vokal ijrochiligi, folklor ijrochiligi va an’anaviy xonandalik), madaniyat va san’at muassasalarini boshqaruv, muzeyshunoslik, san’atshunoslik (sahna va ekran san’ati dramaturgiyasi, kino san’ati tanqidi va tahlili, teatrshunoslik, san’at jurnalistikasi), menejment, turizm va mehmondo‘stlik, kutubxona-axborot faoliyati kabi soha mutaxassislarini tayyorlaydi. Bugungi kunda institutda 4297 dan ortiq talaba bakalavr ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olmoqda. Mazkur oliy o‘quv yurtining ilmiy salohiyati yillar kesimida o‘sib borayotganligini ko‘rish mumkin. Bugungi kunda institutda faoliyat yuritayotgan 336 nafar professor-o‘qituvchining 43 nafari fan doktori, professor, 133 nafari fan nomzodi, dotsent hamda faxriy unvonlar bilan taqdirlangan 40 dan ortiq pedagoglar ta’limning yuqori darajada bo‘lishini ta’minlab kelmoqda. Institutning ilmiy salohiyati 55,6 foizni tashkil etadi. Institutda oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti ham tashkil etilgan bo‘lib, unda 5 ta ixtisoslik yo‘nalishida 24 nafar tayanch doktorant va 94 nafar mustaqil izlanuvchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Ilmiy-tadqiqot izlanuvchilar uchun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzurida PhD.08/28.08.2020. San.121.01 raqamli ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda. Mazkur kengashda 17.00.01-Teatr san’ati ixtisosligi bo‘yicha doimiy himoya tashkil qilingan. Shuningdek, 17.00.03-Kino san’ati. Televideniye, 17.00.07-Madaniyat nazariyasi va tarixi. Madaniyatshunoslik va 13.00.02-Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (sohalar bo‘yicha) ixtisosliklaridan bir martalik himoyalarga ruxsat berilgan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining xalqaro hamkorlik sohasidagi faoliyati jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. 2024-yil davomida institut Turkiya, Rossiya, Xitoy va Janubiy Koreyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan qator memorandumlarini imzoladi. Mazkur hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, malaka oshirish hamda stajirovkalarni tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Institut xalqaro maydonda o‘z nufuzini mustahkamlab, 2024-yilda ilk bor “UI GreenMetric World University Ranking” xalqaro reytingida TOP-1000 talikdan joy olib, 947-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, 2025-yilda institut “THE Higher Education Rankings” xalqaro baholash tizimida TOP-1000 universitetlar orasida 28-o‘rinni egallab, O‘zbekiston bo‘yicha TOP-5 talikka kirdi. Bu natija institutning ilmiy salohiyati, ta’lim sifati va innovatsion faoliyati xalqaro darajada e’tirof etilayotganidan dalolatdir. Institut shuningdek, “World University Rankings for Innovation (WURI)” xalqaro tizimida ham faol ishtirok etmoqda. Universitetlarning jamiyat, innovatsiya va ijodkorlikka qo‘shgan real hissasi asosida baholanadigan mazkur reytingda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti 2025-yilgi natijalarga ko‘ra “Student Support and Engagement (A1)” yo‘nalishi bo‘yicha jahonning 1350 universiteti orasida 69-o‘rinni egalladi. Shuningdek, talabalarning harakatchanligi va ochiqligi yo‘nalishi bo‘yicha institut respublika oliy ta’lim muassasalari ichida 2-o‘rinni qayd etdi. Ma’lumot uchun, “World University Rankings for Innovation (WURI)” xalqaro reytingi – Amerika, Osiyo, Yevropa va Afrika davlatlarining yetakchi universitetlari tomonidan tashkil etilgan global reyting tizimi bo‘lib, u oliy ta’lim muassasalarining jamiyat va innovatsiyalarga qo‘shgan amaliy hissasini baholaydi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining xalqaro maydondagi bunday yutuqlari milliy ta’lim tizimidagi integratsiya jarayonlari samaradorligini namoyon etmoqda. Institut jahon standartlariga mos ta’lim muhitini yaratish, ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish yo‘nalishida izchil faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ta’lim jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalari keng qo‘llanib, multimediyali texnika va dasturiy vositalar asosida samarali o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv mashg‘ulotlari madaniyat muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilib, talabalar amaliy ko‘nikmalarni amalda mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. Institut hayotida badiiy-ijodiy faoliyat muhim o‘rin tutadi. Talabalarning ko‘plab ijodiy jamoalari respublika va xalqaro darajada o‘tkazilayotgan festival va tanlovlarda faol ishtirok etib, institut nufuzini yuksaltirib kelmoqda. Institutda ilmiy va ijodiy nashr faoliyati ham kengaymoqda. “O‘zDSMI xabarlari” ilmiy-amaliy jurnali va “Ijodiy parvoz” gazetasi sahifalarida professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning ilmiy maqolalari muntazam chop etilib kelmoqda. Shuningdek, 2025-yildan boshlab institut “O‘zbekiston madaniyati va san’ati” nomli ilmiy-uslubiy, nazariy-amaliy elektron jurnalni nashr etishni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur jurnal san’atshunoslik, filologiya, tarix, falsafa, pedagogika, psixologiya, sotsiologiya va siyosatshunoslik sohalaridagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini chop etishga ixtisoslashgan. Institutning axborot-resurs markazi (ARM) ta’lim jarayonida muhim o‘rin tutadi. Unda 100 mingdan ziyod adabiyot jamlangan bo‘lib, nodir va kamyob nashrlar, ilmiy adabiyotlar hamda elektron ta’lim resurslari keng foydalanish uchun taqdim etilgan. Shuningdek, elektron ta’lim tizimini rivojlantirish va zamonaviy ta’lim resurslarini yaratish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda. Institut qoshidagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi madaniyat va san’at sohasidagi pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan. Markaz faoliyati doirasida o‘qituvchilarning zamonaviy metodik yondashuvlar va axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha kurslar muntazam tashkil etilmoqda. Yangi binolarning qad ko‘tarishi va eski o‘quv binolarining ta’mirlanishi natijasida institut o‘ziga xos o‘quv shaharchasiga ega bo‘ldi. Shaharcha hududida ijodiy ustaxonalar, o‘quv teatri va axborot-resurs markazi qad ko‘tardi. Bundan tashqari institut hududida o‘quv binosi, institut ma’muriyati binosi, sport majmuasi, yopiq suzish havzasi, ochiq sport maydonchalari, 2 ta 1 va 2-sonli Talabalar turar joylari joylashgan. 2022/2023 o‘quv yillarida yotoqxona bilan qamrab olinmagan institut talabalariga g‘amho‘rlik qilish va yotoqxonaga muhtoj yotoqxona bo‘gan talabalarni ko‘proq yotoqxona bilan qamrab olish chora-tadbirlari doirasida institut rektorining tashabbusi bilan 1 va 2-sonli Talabalar turar joylarida 1 o‘rinli krovatlarni 2 o‘rinli krovatlarga almashtirilishi hisobiga qo‘shimcha 200 tadan ortiq yotoq o‘rnlari yaratilishi hisobiga hozirgi kunda 768 ta talaba yotoqxona bilan ta’minlangan. Birinchi navbatda yotoqxonaga muhtoj mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, chin yetim, boquychisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar joylashtirilgan hamda boshqa talabalar ham yotqxona bilan ta’minlandilar. Bugungi kunda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti an’anaviy ta’lim usullarini innovatsion texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirgan, ilmiy va ijodiy salohiyati bilan mamlakat madaniyati va san’ati taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan zamonaviy oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritmoqda. |

