O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Ilmiy Kengashining 8-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda oliygoh rahbariyati, kengash a’zolari, dekan va uning o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari va boshqalar ishtirok etdi.
Dastlab О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Farmoyishlari va topshiriqlari, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va bayoni, Vazirliklarning buyruqlari va topshiriqlarining bajarilishi tо‘g‘risida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ichki nazorat va monitoring bо‘limi boshlig‘i axboroti eshitildi.
Yig‘ilishda topshiriqlar ijrosini raqamlashtirish va bayonnoma kiritish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
«Institut rahbariyati tomonidan berilayotgan topshiriq va vazifalar qog‘ozda qolib ketmasligi lozim. Topshiriqlarni raqamlashtirish va bayonnoma rasmiylashtirish orqali islohotlarni qonuniy tus olishi hamda ularning bajarilish holatini nazorat qila olamiz. Bu sohamiz rivoji uchun ahamiyatli hisoblanadi», — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Shuningdek, har bir kafedrada xotin-qizlar huquqini himoya qiluvchi mas’ullar tayinlanadigan bo‘ldi.
Qolaversa, institutning 2023-yildagi moliyaviy xо‘jalik faoliyati va moddiy-texnik bazasini rivojlantirish to‘g‘risida hisobot tinglandi.
«Birjadan sotib olingan har bir tovar, hatto oddiy ruchkaning ham hisoboti va surati bo‘lishi lozim. Bu menga, sizga, umuman barchamizga tegishli. Institut mablag‘ini to‘g‘ri va tegishli jabhalarda ishlatishimiz hamda ularning hisobotini berishimiz lozim», — dedi rektor.
Ayni damda institut hududida joylashgan suzish havzasi zamonaviy rekonstruksiya qilinmoqda. Bu borada bajarilayotgan ishlar holati o‘rganildi.
Shu bilan birga, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan yozilgan adabiyotlarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi Kengashda ko‘rib chiqish uchun yuborish va monografiyalarni chop qilishga tavsiya etish hamda ilmiy unvon olish uchun Oliy attestatsiya komissiyasiga hujjatlarni yuborish to‘g‘risida prorektorlar tomonidan ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligini keng ko‘lamda nishonlash maqsadida adib hayoti va ijodiga oid ilmiy seminar tashkil etilib, oliygoh hududidagi yo‘l ko‘chalaridan biriga Muhammad Yusuf nomi berilishi hamda yana bir qator tadbirlar o‘tkazilishi ma’qullandi.
Shuningdek, yangi o‘quv yili institutda turizm va mehmondo‘stlik, sotsiologiya, san’at psixologiyasi, rang-tasvir teatr bezagi, san’at jurnalistikasi ta’lim yo‘nalishlari ochilishi rejalashtirilmoqda.
Grim san’ati, san’at sohasida prodyusserlik hamda qo‘g‘irchoqlar ishlab chiqarish texnologiyasi ta’lim yo‘nalishlariga qabul esa to‘xtatiladi.
Kengash yakunida belgilangan vazifalar bo‘yicha mas’ul xodimlarga topshiriqlar berildi.