Joriy yilning 16-19-sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Ufa shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XVII forumi bo’lib o’tdi.
“Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi: umumiy qadriyatlar va madaniyatlar xilma-xilligi” mavzusida bo‘lib o‘tgan ushbu forumda O’zbekiston madaniyat vaziri o’rinbosari Murodjon Majidov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdik.
Forumning tantanali ochilish marosimi 17 sentyabr kuni “Toratau” kongress holida bo’lib o’tdi.
Shuningdek, Forum doirasida
✅ Hamdo’stlik mamlakatlari ijodiy innovatsiyalari va milliy madaniy an’analari;
✅ MDHda raqamli transformatsiya davrida fan va ta’lim;
✅ Volontyorlik ijtimoiy rivojlanish manbai sifatida: avlodlar o’rtasidagi aloqa;
✅ Hamdo’stlik mamlakatlari ijodiy universitetlari o’rtasidagi o’zaro hamkorlik;
✅ Hamdo’stlik davlatlarining inklyuziv san’ati: hamkorlik shakllari nomli sho‘ba yig’ilishlari tashkil etildi.
“Hamdo’stlik mamlakatlari ijodiy universitetlari o’rtasidagi o’zaro hamkorlik” nomli sho‘ba yig‘ilishida “Madaniyat va san’at sohasida O‘zbekistonning xalqaro aloqalari va munosabatlari” mavzusida ma’ruza qildim. Ma’ruzada bugun Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘sib borayotgan roli, xorijiy davlatlar bilan o‘rnatilayotgan madaniy hamkorlik, umuman bugungi o‘zbek san’atining jahondagi o‘rni va ahamiyati, yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan san’at va madaniyat sohasi rivojiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ushbu sohalarning bugungi taraqqiyoti, istiqbollari, shuningdek, institutda talabalarning sifatli bilim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Forum dasturida belgilangan tadbirlardan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bо‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy, Zagir Ismagilov nomidagi Ufa davlat san’at instituti rektori Ilmar Almuxametov, Moskva davlat madaniyat instituti rektori Yekaterina Kudrina va boshqa xorijlik ziyolilar bilan ham uchrashib, mamlakatlarimizda olib borilayotgan ilmiy-ijodiy jarayonlar, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar to’g’risida fikr almashildi, kelgusida birgalikda ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, ilmiy tajriba va ilmiy ma’lumotlar almashish, hamkorlikda madaniy tadbirlar о‘tkazish kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, MDH Yoshlar simfonik orkestri va F.Gaskarov nomidagi Davlat akademik milliy raqs ansamblining konsertlari va boshqa madaniy tadbirlarda ham ishtirok etdik
Xulosa qilib aytganda, mazkur Forumda ko‘plab ziyolilar bilan fikr va tajriba almashdik. MDH davlatlaridagi ijodiy jarayonlar bilan yaqindan tanishdik. Eng muhimi esa yurtimizda so‘ngi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xorijda ham e’tibor va e’tirof qozonayotganiga guvoh bo‘ldik.
O‘zbekiston davlat san’at
va madaniyat instituti rektori,
professor Nodirbek Sayfullayev