Folklor sohasiga oid elektron platforma yaratiladi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov folklor va etnografiya ta’lim yo‘nalishi talabalarining yakuniy nazorat imtihon jarayoni bilan tanishdi.

Tashrif davomida rektor mazkur sohaning jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risida to‘xtalib, talabalarning yutuq va kamchiliklari borasida o‘z fikrini bildirdi.

«Yakuniy imtihonlar shaffof va adolatli ruhda o‘tishi kerak. Oliygohga o‘qishga kirgan talaba mazkur dargohdan mutaxassis bo‘lib yetishishi darkor. Bu yo‘lda ularga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar ham javobgar sanaladi.

Folklor va etnografiya jamiyatda juda katta ahamiyatga ega sanaladi. Boshqa sohalarda inqiroz yuz bersa, uni oldini olish mumkin, biroq milliy qadriyatlari yo‘qolgan mamlakat oxir-oqibat tanazzulga uchraydi. Shu bois, bu sohada tahsil olayotgan talabalarga alohida e’tibor qaratish joiz.

Shu bilan birga, ular o‘rganayotgan bilimlar va ularning ijodiy ishlari shu yerda qolib ketmasligi kerak. Kelgusida mazkur sohaga oid elektron platforma yaratib, professor-o‘qituvchilar va talabalarning ijodiy ishlarini nafaqat Respublika, balki dunyoga targ‘ib qilishni rejalashtirganmiz.

Zamon o‘zgargan sayin yoshlarda ham zamonaviylik kayfiyati paydo bo‘lishi sir emas. Shunday ekan, nega folklor namunalarini zamon bilan hamnafas ko‘rinishga keltira olmaymiz? Buning uchun bizda barcha shart-sharoitlar mujassam», — dedi Eldor Shermanov.

Yakuniy nazorat imtihonlari davom etmoqda.