“Debyut-2023” talaba-yoshlar kinofestivaliga start berildi

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi huzuridagi kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, BDKI Toshkent filliali hamkorligida joriy yilning 11–22-dekabr kunlari “O‘zbek kinosi – yangi nigoh” kinooyligini doirasidagi “Debyut” talaba-yoshlar kinofestivaliga start berildi. Unda oliygohimiz yoshlari ham faol ishtirok etmoqda.

“Yangi O‘zbekiston – tinchlik, ma’rifat, taraqqiyot” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan ushbu festival yurtimizda yosh iste’dodli kinoijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, mahoratli talaba yoshlarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish milliy kino san’ati vakillari bilan hamkorlikda kinematografiya sohasini rivojlantirish, yoshlar hamda milliy kinoindustriya vakillari bilan hamkorlikda qo‘shma kino loyihalari yaratishni kengaytirish hamda ushbu sohada ilmiy tadqiqot izlanishlarni amalga oshirish orqali soha rivoji uchun jalb etishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Kinofestival g‘oliblari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus statuetka va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanadi:
1.Eng yaxshi erkak roli;
2.Eng yaxshi ayol roli;
3.Eng yaxshi ssenariy;
4.Eng yaxshi animasion film;
5.Eng yaxshi hujjatli film;
6.Eng yaxshi ovoz rejissyori;
7.Eng yaxshi operatorlik ishi;
8.Eng yaxshi rejissyorlik ishi;
9.Eng yaxshi film;
10.Eng yaxshi maqola.

“Eng yaxshi film” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan ijodkorlar guruhiga 2024 yilda yaratiladigan to‘liq metrajli badiiy film uchun 500 000 000 (besh yuz million) so‘mlik;
“Eng yaxshi animasion film” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan ijodkorlar guruhiga o‘n daqiqalik to‘liq metrajli animasion film ishlash uchun 300 000 000 (uch yuz million) so‘mlik;
“Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan ijodkorlar guruhiga to‘liq metrajli hujjatli film yaratish uchun 200 000 000 (ikki yuz million) so‘mlik Davlat granti Kinematografiya agentligi tomonidan ajratiladi. Shuningdek, har bir g‘olib uchun uyali telefon hamda planshetlar sovg‘a qilinadi.