Himoya avvalida institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev har bir sohaning taraqqiyoti uning ilmiy jihatdan qanchalik keng tadqiq etilganiga chambarchas bog ‘liq ekanligini alohida qayd etdi. Shuningdek, institutda ham bu borada qilinayotgan ishlarga alohida to’xtalib o’tdi.

Ma’lumot o’rnida aytish joizki, 2024-yilga nazar tashlaydigan bо‘lsak, professor-о‘qituvchilarimiz 4 ta professor, 21 ta dotsent, jami – 25 ta ilmiy unvonga, 2025-yilning yanvar-fevral oylarining о‘zida 3 ta professor, 7 ta dotsentlik jami – 11 ta ilmiy unvonga ega bо‘ldilar. 2024 yil 1 ta DSc, 12 ta PhD himoyasi о‘tkazildi.

Ilmiy Kengashda dastavval Dо‘sanov Rahimjon Raimqulovichning 17.00.01 – Teatr san’ati ixtisosligi bо‘yicha “О‘zbekistonda “bir aktyor teatri”ning shakllanishi va uning badiiy asoslari” mavzusida san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya himoyasi o’tkazildi.

Ilmiy tadqiqot ishida quyidagi ilmiy yangiliklar asoslab berilgani ta’kidlandi: O‘zbekistonda “Bir aktyor teatri”ning paydo bo‘lishi va rivojlanishida qadimgi davrning yakka ijrosi, baxshilar bir aktyor teatri (VII-IX asrlar), an’anaviy teatrdagi masxaraboz va qiziqlar bir aktyor teatri (XVIII-XIX asr), badiiy yaxlit shakldagi bir aktyor spektakli (XX asr), bir aktyor teatrining 3D formatdagi gologramma shakli (XXI asr) kabi bosqichlari aniqlanganligi;
“Bir aktyor teatri” spektaklini ijro etgan aktyorlarning repertuarlari, ular ijrosidagi dostonlar, yakka ijrodagi tomoshalar, XX asrdagi she’riy kompozitsiyalar, bir aktyor ijrosidagi spektakllar dramaturgiyasining badiha, grotesk kabi badiiy-g‘oyaviy jihatlari, rejissyorning o‘ziga xos ramziy, metafora, gologramma kabi uslublari aniqlanganligi;
2019-yil Markaziy Osiyoda ilk bor zamonaviy 3D formatdagi gologramma teatri O‘zbekistonda tashkil etilgani va bu yo‘nalish bilan texnologiyalar imkoniyatidan foydalanib, yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash mumkinligi “Buyuk Temur” nomli spektakl namoyishi misolida isbotlanganligi;
milliy “Bir aktyor teatri” – davr talabidagi g‘oyaviy jihatdan puxta repertuarni tezkor yarata oladigan, aktyorning serqirra mahoratini namoyon qiladigan, ko‘chib yurishga qulay ijod maskani ekanligi, o‘z g‘oyaviy repertuari bilan milliy iftixor hamda g‘ururni mustahkamlaydigan, vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantiradigan, yoshlarni yot g‘oyalardan himoyalaydigan spektakllar namoyish eta olishi dalillanganligi.

Dissertantning ishi falsafa fanlari nomzodi, professor Mamur Umarov ilmiy rahbarligida tayyorlangan.

✔️Dissertasiya ishi muvaffaqqiyatli himoya qilindi.