Ma’lumki, ayni paytda yurtimizda “Madaniy meros haftaligi” tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bugun mazkur haftalik doirasida Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasidagi islohotlar” deb nomlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda. Forumning tantanali ochilish marosimi Yoshlar ijod saroyida tashkil etildi.

Marosim yurtimizda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida videolavha bilan boshlandi.

Tadbirni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov kirish nutqi bilan ochib berib, “Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasidagi amalga oshirilayotgan islohotlar” to‘g‘risida taqdimot qildi.

⚡️Forumda xalqaro tashkilotlardan TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimkulova, shuningdek, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli yozuvchi va publist O‘g‘uz Yunus Isahon o‘g‘li, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi raisi, qozoq shoiri, jurnalist va muharriri, Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan xodim Esdaulet Uluqbek, Qirg‘iziston xalqining “Muras” tarixiy-madaniy merosi jamg‘armasi raisi, taniqli tarixchi, publisist va jurnalist Moldokasimov Qiyos, Qozon davlat madaniyat instituti rektori Axmadiyeva Roza Shayxaydarovna, Ege universiteti Adabiyot fakulteti Turk tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Fedekar Selami o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

✅Forum doirasida Nodirbek Sayfullayev Rossiya Federatsiyasining Qozon davlat madaniyat instituti rektori, professor Roza Axmadiyeva bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Nodirbek Sayfullayev, avvalo, mehmonni yurtimizda ko‘rib turganidan mamnun ekanligini bildirib, bugun O‘zbekistonning jahon davlatlari bilan ochiqlik va oshkorlik tamoyillari asosida o‘rnatilgan o‘zaro manfaatli hamkorligi barcha sohalarni qamrab olganini ta’kidladi.

Jumladan, mamlakatimiz ta’lim, san’at va madaniyat sohasida ham bir qancha yirik tadbirlarga mezbonlik qilayotgani, bu tadbirlarda dunyoning sohaga oid nufuzli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholayotgani va hamkorlik takliflarini bildirayotganini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, Roza Axmadiyeva yana bir bor yurtimizda bo‘lib turganidan mamnun ekanligini, bugun O‘zbekiston tez suratlar bilan rivojlanib borayotgani, oxirgi tashrifidan so‘ng o‘tgan qisqa davrda ham ulkan yangilanishlar bo‘layotganini mamnuniyat bilan qayd etdi

Shuningdek, uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasining kelgusi hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish, avval erishilgan kelishuvlar doirasida birgalikda amalga oshiriladigan ishlarni jadallashtirish hamda hamkorlik aloqalarini yangi darajaga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori forumda mehmon bo’lib turgan TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi Sulton Rayev hamda Turkiyaning Ege universiteti Turk tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Fedekar Selami bilan uchrashib, fikr almashdi.