Arsen Ismoilov xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida professor, dublyaj aktyori, respublikadagi ko‘plab taniqli aktyor va aktrisalar ustozi Arsen Ismoilov xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda soha mutaxassilari, taniqli aktyor va rejissyorlar, shuningdek, Arsen Ismoilov shogirdlari va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuvni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sobir Jumayev ochib berib, Arsen Ismoilovning ilmiy-ijodiy faoliyati to‘g‘risida so‘z yuritdi.

«Arsen Ismoilov o‘zbek san’atida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shaxslardan biri edi. Buni ustoz qoldirgan ilmiy-ijodiy meros orqali his qilishimiz mumkin. Qolaversa, Arsen Ismoilov o‘zidan katta maktab qoldirib, ista’dodga ega yosh avlod shakllanishiga xizmat qilmoqda», — dedi Sobir Jumayev.

Anjumanda Arsen Ismoilov hayoti va ijodiga oid film namoyish etildi, ustoz ijodkor professor-o‘qituvchilar va shogirdlar tomonidan xotirlandi.

Shu bilan birga, amaliy dars mashg‘uloti o‘tkazilib, faol talabalar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Arsen Ismoilov O‘zbekistonda Sahna harakati va jangi fani asoschisi, shuningdek, Sahna harakati va jismoniy madaniyat kafedrasi asoschisidir. U 60 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida faoliyat olib bordi, bu davrda Markaziy Osiyodagi barcha respublikalarda ko‘plab shogirdlar yetkazdi.

Arsen Ismoilov O‘zbekiston teatr va kino san’ati rivoji ayniqsa, jahon klassik asarlarini sahnalashtirishda qilichbozlik, sahna harakati, plastika kabi predmetlarni fan darajasiga olib chiqishda ulkan hissa qo‘shdi.

U postanovkachi rejissyor sifatida 10ga yaqin spektakllarni O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Qirg‘iziston teatrlarida sahnalashtirdi. Bundan tashqari, 100dan ortiq dramatik postanovkalarda qatnashgan, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida bugungi kunga qadar mingdan ortiq rollarga ovoz bergan va o‘zi ham ijro etgan.

Arsen Ismoilov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, ” Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvonlari bilan taqdirlandi.